Afg‘oniston rasmiylari ayollarni davolashda erkak shifokorlarga mahram maqomini berdi

Afg‘onistondagi shifoxona. AR fotosurati

Afg‘onistonda erkak shifokorlar o‘zlari davolaydigan ayol bemorlarning «mahramlari» sifatida tan olindi. Bu haqda toliblar* Aloqa vaziri Hamdulla No‘moni Qobulda bo‘lib o‘tgan tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda e'lon qildi, deb xabar beradi Amu.tv.

No‘monining so‘zlariga ko‘ra, klinik amaliyot nuqtai nazaridan shifokorlarga maxsus diniy huquq beriladi, bu ularga notanish erkaklar ko‘rishi mumkin bo‘lmagan ayol tanasini tekshirish imkonini beradi.

«Vazir sifatida men ayollar yuziga qarashga haqqim yo‘q. Lekin sizning huquqingiz bor: ayol operatsiya stolingizda yotganda, uning barcha a'zolari sizning oldingizda bo‘ladi va siz hatto uning kiyimlarini yechishingiz mumkin», — degan vazir bu huquqni suiiste'mol qilmaslikka chaqirib.

No‘moni «barcha diniy ulamolar ham shunday fikrda» ekanini ta'kidlagan.

Vazirning bayonoti toliblarning 2024 yil dekabr oyidan boshlab xotin-qizlarga o‘rta va oliy ma'lumot, jumladan, tibbiy ta'lim olishni taqiqlagani fonida yangradi.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar ayollarning tibbiy ta'lim olishiga to‘sqinlik qilish Afg‘onistonda shundoq ham zaif bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimini yanada og‘irlashtirishi haqida ogohlantirgan. Toliblar hokimiyat tepasiga qaytmasidan ham oldin mamlakatda, ayniqsa, odatga ko‘ra ayollarni faqat ayol shifokorlar davolashi lozim bo‘lgan qishloq joylarida ayol shifokorlar va tibbiyot xodimlari taqchilligi kuzatilar edi.

ℹ️ 2021 yil avgust oyida hokimiyatni egallab olganidan so‘ng, toliblar qizlarga o‘rta va oliy ma'lumot olishni taqiqladi va ayollarning huquq va erkinliklarini iloji boricha cheklashga harakat qildi. Xususan, ular ayollarga sport bilan shug‘ullanishni, parklarda sayr qilishni, jamoat joylariga mahram erkaklarsiz tashrif buyurishni, hijobsiz tashqariga chiqishni, boshqa ayollar bilan gaplashishni, Qur'onni ovoz chiqarib o‘qishni rasman taqiqladilar. Xotin-qizlar ishlari vazirligi tugatildi. Uning o‘rniga toliblar Islomiy fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligini tashkil etishdi.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.