Bloomberg: neft qazib oluvchi kompaniyalar Ostonaga qarshi xalqaro arbitrajga da'vo arizasi berishdi

gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘istondagi Qashag‘an konini ishlatuvchi neft kompaniyalari (NCOC konsorsiumining bir qismi) respublika hukumati ularga ekologik qoidalarni buzganlik uchun 4,6 milliard dollar jarima solganiga qarshi xalqaro arbitrajda da'vo arizasini berishdi. Bu haqda Bloomberg agentligi Britaniyaning Shell neft va gaz kompaniyasiga tayanib xabar berdi.

Gap oltingugurt saqlash limitidan oshib ketgani (ruxsat etilgan 730 000 o‘rniga 1,7 million tonna) va 2022 yili kompaniyalarga «boshqa ekologik qonunbuzarliklar» uchun berilgan jarima haqida bormoqda. Ostona sudi 2025 yil dekabr oyida NCOC (North Caspian Operating Company) konsortsiumi apellyatsiyasini rad etganidan so‘ng, bu hukmni xalqaro miqyosda bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Agentlik Shell vakilining apellyatsiyaga qo‘shimcha ravishda, kompaniyalar «masalani muloqot yo‘li bilan hal qilishga» uringanini, ammo bu harakatlar muvaffaqiyatsiz kechgani haqidagi so‘zlarini keltiradi.

Yangi sud jarayonlari Qozog‘iston rasmiylari va xorijiy investorlar o‘rtasidagi shundoq ham taranglashgan munosabatlarni yanada murakkablashtirmoqda. Tomonlar o‘n milliardlab dollar taqdiri bilan bog‘liq bir nechta arbitraj jarayonlarida ishtirok etmoqdalar.

NCOC konsortsiumi bugungi kunga qadar kashf etilgan eng yirik va eng murakkab dengiz konlaridan biri bo‘lgan Qashag‘an konining operatori hisoblanadi. Konsortsium tarkibiga Britaniyaning Shell, Frantsiyaning Total Energies, Italiyaning Eni, Amerikaning ExxonMobil, Xitoyning CNPC, Yaponiyaning Inpex va Qozog‘istonning «KazMunayGaz» kompaniyalari kiradi. Ular 1997 yilda imzolangan mahsulot taqsimoti shartnomasi asosida kondan xom neft qazib olishadi.