To‘qayevning tanqididan so‘ng «Samruk-Energo» rahbari darhol ishdan bo‘shatildi

Qayrat Maqsutov. samruk-energy.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston milliy farovonlik jamg‘armasi «Samruk-Qazina» boshqaruvi Qayrat Maqsutovni «Samruk-Energo» AJ boshqaruvi raisi lavozimidan ozod qildi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bunday qaror kompaniyaning strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirish sur’atlari qoniqarsiz ekani, shuningdek, yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va ishga tushirish bo‘yicha belgilangan muddatlarga rioya etilishi ustidan nazorat yetarli emasligi sababli qabul qilingan.

Maqsutov o‘rniga «Samruk-Energo»ga kim rahbarlik qilishi hozircha ma’lum qilinmagan.

Kadrlar bo‘yicha qaror Qosim-Jomart To‘qayevning Qozog‘iston xalqiga yo‘llagan murojaatidan ko‘p o‘tmay qabul qilindi. Prezident mamlakat energetika sohasidagi vaziyatni keskin tanqid qilib, elektr energiyasining surunkali taqchilligi, shuningdek, qishda qo‘shni davlatlardan qimmat narxlarda elektr energiyasi sotib olinishi va yozda uning qo‘shnilarga arzonlashtirilgan narxlarda qayta yetkazib berilishi amaliyoti yillar davomida davom etayotganini aytdi.

To‘qayev, shuningdek, Turkiston, Qizilo‘rda, Olmaota va Ekibastuzda yangi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish muddatlari buzilganini tanqid qildi hamda Balxashda issiqlik elektr markazi qurilishi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini eslatdi.

«Samruk-Energo» mamlakatning muhim energetika loyihalari bilan shug‘ullanadi. Ular qatoriga Olmaotadagi 2- va 3-issiqlik elektr markazlarini gazga o‘tkazish, shuningdek, Ekibastuz issiqlik elektr stansiyalarini modernizatsiya qilish va kengaytirish kiradi. Ushbu kompaniya 2008 yilda Qozog‘istonning o‘sha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev farmoni bilan tashkil etilgan «Samruk-Qazina» milliy farovonlik jamg‘armasi tarkibiga kiradi. So‘nggi yillarda «Samruk-Qazina» jamg‘armasi amaldagi prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan bir necha bor tanqid qilingan. Xususan, u jamg‘arma boshqaruvining samarasizligi va yirik loyihalarni amalga oshirish muddatlari cho‘zilayotganini tanqid ostiga olgan.