Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev badavlat fuqarolar uchun yuqori soliq stavkalarini joriy etish g‘oyasini muhokama qilishni taklif qildi. Bu haqda u 28 oktyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaati chog‘ida ma’lum qildi.
«Mening fikrimcha, yirik boylik egalari uchun yuqoriroq soliq stavkasini joriy etish masalasini muhokama qilish vaqti keldi. Ta’kidlamoqchimanki, hech kim qonuniy ravishda orttirilgan aktivlarni qandaydir tarzda cheklashni rejalashtirayotgani yo‘q. Bu Konstitutsiyaning mohiyatiga zid bo‘lar edi. Gap har bir fuqaroning mamlakatimiz rivojiga munosib va halol hissa qo‘shishi haqida bormoqda. Bu — adolat masalasi», — dedi davlat rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat va Qurultoy ushbu masalani o‘rganib chiqishi va takliflar kiritishi lozim.
«Soliq solishda adolatni ta’minlash shaffoflikni, demakki, to‘liq raqamlashtirishni talab qiladi. Soliqlar yig‘ilishini yaxshilash, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiya xavflarini kamaytirish uchun ilg‘or texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektdan foydalanish zarur», — deya ta’kidladi To‘qayev.
Shuningdek, u 2025 yilda qabul qilingan yangi Soliq kodeksi «muqaddas kitob» emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, biznes manfaatlarini hisobga olgan holda, korxonalarning faoliyat yuritishini osonlashtirish uchun kodeksga boshqa o‘zgartishlar ham kiritish kerak.
«Buni har safar tadbirkorlar uchun faoliyat qoidalarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelmaydigan tarzda, puxta o‘ylab amalga oshirish lozim. Qonunchiligimiz shu qadar hajmdor va tushunish uchun murakkabki, u tadbirkorlar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylandi», — dedi To‘qayev.
TASS agentligining eslatishicha, hozirda Qozog‘istonda fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan 10 foizlik daromad solig‘i mavjud. Yuqori daromadga ega fuqarolar uchun 15 foizlik stavka qo‘llaniladi: bu yiliga 80 ming dollardan ortiq daromadga taalluqli bo‘lib, soliq faqat belgilangan chegaradan oshgan summaga hisoblanadi. Elit toifadagi ko‘chmas mulk va boshqa qimmatbaho aktivlar egalariga esa maxsus aksiz solig‘i solinishi mumkin.
Respublikada hashamat solig‘ini joriy etish masalasi bir necha yildan beri muhokama qilib kelinmoqda. 2024 yilda Milliy iqtisodiyot vazirligi tegishli o‘zgartishlarni taklif qilgan edi. Bir yil o‘tib, parlamentda ko‘chmas mulk, qimmatbaho avtomobillar, spirtli ichimliklar va sigarlarni ham o‘z ichiga olgan o‘ta qimmat tovarlar toifalariga soliq joriy etish masalasi muhokama qilindi.



