AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington va Ostona o‘rtasidagi hamkorlik mustahkamlanayotganidan faxrlanishini bildirib, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini ta’kidladi. Bu haqda Trampning To‘qayevga Qozog‘istonda 25 oktyabr kuni nishonlangan Respublika kuni munosabati bilan yo‘llagan telegrammasida aytilgan. Telegramma matnini Qozog‘iston rahbarining matbuot xizmati e’lon qildi.
«O‘tgan bir yil davomida hamkorligimizni chuqurlashtirganimizdan faxrlanaman. Bu xalqaro tinchlik va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikdan tortib, har ikki mamlakatga manfaat keltiradigan muhim tijorat kelishuvlarining tuzilishigacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladi.
1991 yilda Qo‘shma Shtatlar Qozog‘istonni xalqaro maydonda suveren davlat sifatida birinchi bo‘lib tan olgan. Mamlakatingiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qat’iy sodiqligimiz o‘zgarishsiz qolmoqda.
Amerika kompaniyalari Qozog‘istonning iqtisodiy sohadagi salmoqli muvaffaqiyatlarida muhim o‘rin tutadi va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida tobora mustahkamlanayotgan do‘stlik o‘n yillar davomida sezilarli natijalar keltirishiga ishonaman.
Dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan G20 sammitida siz bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapman», — deb yozgan Tramp.
Amerika rahbari avval ham To‘qayev haqida bir necha bor iliq fikrlar bildirgan. Qozog‘iston prezidentining o‘tgan yili Vashingtonga tashrifi chog‘ida Tramp uni «ajoyib prezident» deb atagan edi. Shu yil kuzida esa Qozog‘iston mustaqilligi yilligi munosabati bilan To‘qayevni tabriklar ekan, uni «kuchli va qat’iyatli yetakchi» deb ta’riflagan.
Joriy yil boshida AQSHning Qozog‘istondagi elchisi Juli Stafft mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar butun tarix davomidagi eng yuqori darajaga yetganini aytgan edi. «Oldimizda hali ko‘p ishlar turibdi», — deya ta’kidlagandi diplomat.
Ekspertlar fikricha, Markaziy Osiyo, xususan, Qozog‘iston AQSH va Xitoy o‘rtasida yarimo‘tkazgichlar, akkumulatorlar, sun’iy intellekt texnologiyalari va mudofaa mahsulotlari uchun xomashyo bo‘lgan muhim minerallardan foydalanish borasidagi global raqobatning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. The National Interest ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqaning besh mamlakati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hissasiga jahon uran zaxiralarining qariyb 40 foizi, marganes zaxiralarining 39 foizi va xrom zaxiralarining 31 foizi to‘g‘ri keladi. Shuningdek, mintaqada litiy, mis, rux va volframning ham katta zaxiralari mavjud. Mintaqada bu borada Qozog‘iston yetakchi o‘rinni egallaydi.
O‘tgan bahorda Amerikaning The Financial Times gazetasi AQSH prezidentining o‘g‘illari Donald Tramp kichik va Erik Tramp Qozog‘istondagi dunyodagi hali o‘zlashtirilmagan eng yirik volfram konlaridan birini ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaning hammulkdoriga aylangani haqida xabar bergandi. Bu kelishuv, jumladan, loyiha AQSH hukumatining 1,6 milliard dollargacha bo‘lgan miqdordagi ko‘magiga ega bo‘lgani va prezident o‘g‘illarining investitsiyalari ushbu fakt ommaga ma’lum bo‘lishidan oldin amalga oshirilgani sababli e’tiborni tortgandi.



