O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida G‘aznaviylar sulolasi tarixiga bag‘ishlangan «Tarjimai Yaminiy» qo‘lyozmasi taqdim etildi. Markaz matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur nusxa 1311 yilda, asarning fors tiliga tarjima qilinganidan taxminan bir asr o‘tgach ko‘chirilgan.
«Tarjimai Yaminiy» — arab tarixchisi Abu Nasr Muhammad ibn Abduljabbor al-Utbiy tomonidan arab tilida yozilgan «Tarixi Yaminiy» asarining fors tiliga tarjimasidir. Tarjimani Nosih ibn Zafar al-Jurbadkoniy 1206–1207 yillarda amalga oshirgan.
Asarda G‘aznaviylar davlatining asoschisi Sabuktegin (977–997) va uning o‘g‘li Mahmud G‘aznaviy (998–1030) hukmronligi davridagi voqealar tasvirlangan. Asar 1021 yilgacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. Jumladan, Mahmud G‘aznaviyning Hind subkontinentiga qilgan yurishlari, shuningdek, G‘aznaviylarning Somoniylar va Buvayhiylar bilan munosabatlari haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Al-Utbiy Sulton Mahmudning kotibi bo‘lib xizmat qilgan va o‘zi tasvirlagan voqealarning ayrimlariga guvoh bo‘lgan. Al-Jurbadkoniy tarjima jarayonida asl matnni Saljuqiylar va Otpabeklar tarixi haqidagi ma’lumotlar, she’riy parchalar hamda o‘z izohlari bilan to‘ldirgan. Shu tufayli forscha nusxa vaqt o‘tishi bilan mustaqil tarixiy-adabiy yodgorlik ahamiyatini kasb etgan.
Toshkentda taqdim etilgan qo‘lyozma hijriy 711 yil rajab oyining 11-kuni — 1311 yil 30 noyabrda — Eron hududida, Ilxoniylar hukmronligi davrida tugallangan. Fors tilidagi matn qog‘ozga nasx xatida qora va jigarrang siyohlar bilan yozilgan.
Qo‘lyozma 154 varaqdan iborat bo‘lib, har bir sahifada 19–21 qatordan joy olgan. Muqovasi jigarrang charmdan tayyorlangan. Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lyozmaning boshlang‘ich qismi, xususan, 27b-varaqqacha bo‘lgan matn ayrim xususiyatlariga ko‘ra qo‘lyozmalarni bezatishdagi Xuroson uslubiga yaqin.
G‘aznaviylar — X–XII asrlarda hozirgi Afg‘oniston, Eron, Markaziy Osiyo va Hind subkontinentining shimoliy qismi hududlarida hukmronlik qilgan turkiy sulola. Davlat eng katta qudratga Mahmud G‘aznaviy davrida erishgan.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



