Qozog‘istonda «qandas» («qondosh») maqomiga da’vo qilayotgan yoki doimiy yashash uchun ruxsatnoma olishni istagan shaxslar uchun til imtihonidan o‘tish shartlari ma’lum qilindi. Bu haqda respublika Mehnat vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda xabar berdi.
Qandaslar va yashash guvohnomasini (YAG) olish uchun ariza beruvchilar uchun test sinovidan o‘tish majburiy bo‘lib, bu migratsiya salohiyatini baholash bosqichlaridan biri hisoblanadi. Test onlayn tarzda o‘tkaziladi va audio materialni tinglab tushunish hamda matnni o‘qib tushunish bo‘yicha 60 ta topshiriqni o‘z ichiga oladi. Test sinovining o‘zi 1 soat 10 daqiqa davom etadi.
«Savollar inson kundalik hayotda duch kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga moslashtirilgan. Asosiy e’tibor ishtirokchining qozoq tilidagi nutqni eshitib qanchalik tushunishi va davlat tilidagi ma’lumotni o‘qish orqali qabul qila olishiga qaratilgan. Topshiriqlar mazmuni test sinovlarini ortiqcha murakkablashtirishga qaratilmagan», — deya ta’kidlaydi vazirlik.
Har bir bo‘lim bo‘yicha kamida 70 foiz natija to‘plash talab etiladi. Agar natija belgilangan o‘tish balidan past bo‘lsa, testni qayta topshirish mumkin. Bunda so‘nggi urinishdan boshlab 30 kalendar kuni ichida ko‘pi bilan ikki marta qayta topshirishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, har bir yangi urinish uchun alohida to‘lov amalga oshiriladi.
Test proktoring tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi. Bu — onlayn test, imtihon yoki attestatsiyadan o‘tish jarayonini masofadan turib nazorat qilish texnologiyasidir. Shuning uchun test boshlanishidan oldin kamera va mikrofon ishlashini, shuningdek, internet aloqasining barqarorligini tekshirish tavsiya etiladi. Natijalar test topshirilganidan so‘ng uch ish kuni ichida taqdim etiladi.
Mehnat vazirligi nisbatan yaqinda xorijiy fuqarolarga Qozog‘istonda yashash guvohnomasini berish uchun mas’ul bo‘la boshladi. Xabar qilinishicha, vazirlik «raqamli skoring» deb ataluvchi — respublikada doimiy yashash istagida bo‘lgan barcha xorijiy fuqarolarning to‘lov qobiliyati va ishonchlilik darajasini avtomatik baholaydigan tizimni joriy etdi.
Til bilishdan tashqari, vazirlik oila tarkibi, ma’lumot darajasi, mehnat staji, kasbiy ko‘nikmalar, sog‘liq holati va Qozog‘istonda qarindoshlari bor-yo‘qligini ham tekshiradi.
Mehnat vazirligi tashabbusi bilan kiritilgan yana bir yangilik — yashash guvohnomasini olish uchun ariza beruvchilardan Qozog‘istonning ayrim hududlarida — Sharqiy Qozog‘iston, Qostanay, Pavlodar yoki Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida kamida bir yil yashash talabidir. Ya’ni, amalda Ostona va Olmaota ular uchun «yopiq» hududlarga aylanadi. Keyinroq vazirlik ushbu talab voyaga yetmaganlar, investorlar, talab yuqori bo‘lgan kasb egalari, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shayotgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligini tushuntirdi.



