BMT shtab-kvartirasida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

BMT. ITSM fotosurati

O‘zbekistondan borgan ishchi guruh Nyu-Yorkda BMT shtab-kvartirasida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda buyuk allomalar — Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan maxsus tadbirlarni o‘tkazish konsepsiyasi va tashkiliy masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatning madaniy va ilmiy merosini BMT maydonida namoyish etish tashabbusini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashkilot Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surgandi.

AQSHga borgan ishchi guruh tarkibidan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuxamedov, markaz ilmiy xodimi Oybek Sotvoldiyev hamda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati direktori Saidaskar Hoshimov o‘rin oldi.

Nyu-Yorkda O‘zbekiston vakillari BMT Sivilizatsiyalar alyansi direktori Nixol Saad bilan uchrashdi. Tomonlar bo‘lajak taqdimotlar va xalqaro konferensiya mazmunini muhokama qildi. BMT vakili ekspozitsiya mavzusini kengaytirish hamda hozirgi O‘zbekiston hududida yashab ijod qilgan olimlar merosini jahon sivilizatsiyasi taraqqiyoti kontekstida namoyish etishni taklif qildi.

BMT Bosh Assambleyasi ishlari va konferensiyalar boshqarmasi Markaziy rejalashtirish va muvofiqlashtirish bo‘limi sektori rahbari Sin Tong-Mayvald bilan alohida muzokaralar o‘tkazildi. Shermuxamedov tadbir konsepsiyasi loyihasini taqdim etdi. Shundan so‘ng tomonlar konferensiya o‘tkazish mumkin bo‘lgan zallarni muhokama qildi va BMT vakillarining takliflarini inobatga olgan holda hujjatni takomillashtirishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, ishchi guruh BMT Operativ qo‘llab-quvvatlash departamentining maxsus tadbirlar bo‘limi xodimi Nagi Nasr bilan uchrashdi. U bilan birgalikda O‘zbekiston delegatsiyasi ko‘rgazma, konferensiya va rasmiy qabul o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan maydonlarni ko‘zdan kechirib, ularning texnik imkoniyatlarini o‘rgandi.

Tadbirlarda Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining faoliyati taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Asosiy mavzular mintaqa ilmiy maktablarining jahon madaniyati va faniga qo‘shgan hissasi, sivilizatsiyalararo muloqot hamda O‘zbekistonning tarixiy merosini o‘rganish va ommalashtirishga qaratilgan zamonaviy loyihalardan iborat bo‘ladi.

AQSHning boshqa shtatlariga tashrif davomida ishchi guruh ilmiy markazlar faoliyati va o‘rta asr olimlari merosiga bag‘ishlangan tadbirlarni hamkorlikda tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar ham olib bordi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.