Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov maxsus ro‘yxatga kiritilgan me’moriy tarixiy-madaniy meros obyektlarini buzish, xususiylashtirish va xususiy mulkka o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonda birinchi navbatda saqlab qolinishi va davlat tarixiy-madaniy ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tarixiy binolar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan obyektlarni sotish, ayirboshlash, garovga berish, ustav kapitaliga kiritish, shuningdek, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish taqiqlanadi. Bundan tashqari, binolarni respublika ahamiyatiga ega tarix va madaniyat yodgorliklarining Davlat ro‘yxatidan chiqarish, ularning muhofaza toifasini o‘zgartirish, demontaj qilish yoki boshqa joyga ko‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hujjatda avariya holatidagi binolarning maqomiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Bundan buyon texnik holatning qoniqarsizligi yoki seysmik barqarorlik talablariga muvofiq emasligi obyektni tarixiy-madaniy qiymatini yo‘qotgan deb topish va keyinchalik buzish uchun asos bo‘la olmaydi. Binolarni buzish o‘rniga avariya holatining oldini olish ishlarini amalga oshirish, konservatsiya qilish va restavratsiyadan o‘tkazish belgilangan.
Seysmik mustahkamlashni ham o‘z ichiga olgan har qanday ta’mirlash va restavratsiya ishlariga faqat kelishilgan ilmiy-loyiha hujjatlari mavjud bo‘lganda va davlat tarixiy-madaniy ekspertizasidan o‘tilganidan keyingina ruxsat beriladi. Bunda binolarning tarixiy qiyofasi — fasadlari, materiallari va me’moriy elementlari saqlab qolinishi shart.
Farmon bilan muhofaza qilinadigan hududlar va ularning muhofaza zonalari doirasida yer uchastkalarini ajratish hamda yangi qurilish uchun ruxsatnomalar berish taqiqlanadi. Faqat tarixiy yodgorliklarni saqlab qolishga qaratilgan ishlar bundan mustasno.
Vazirlar Mahkamasiga ro‘yxatga kiritilgan obyektlarni xatlovdan o‘tkazish, ularning mulkdorlari yoki balansida saqlovchi tashkilotlarni, huquqiy maqomi va texnik holatini aniqlash, shuningdek, muhofaza majburiyatlari mavjudligini tekshirish topshirilgan. Respublika ahamiyatiga ega yodgorliklar davlat mulkini xususiylashtirish dasturlaridan chiqarilishi kerak.
Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish respublika budjeti va qonun bilan ruxsat etilgan boshqa manbalar, jumladan, tarixiy-madaniy obyektlarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.



