AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Qozog‘istonning «Tur Invest» kompaniyasini Eronning Mahan Air aviakompaniyasi bilan aloqalari tufayli o‘z reyestriga kiritdi. Bu haqda AQSH idorasi ma’lumotlarida keltirilgan.
Olmaotada joylashgan kompaniyaga nisbatan reyestrda Secondary sanctions risk — «ikkilamchi sanksiyalar xavfi» degan belgi ko‘rsatilgan. Bu cheklovlar qo‘llanilishi ehtimolini anglatadi, ammo kompaniyaga nisbatan to‘g‘ridan to‘g‘ri sanksiyalar joriy etilganini bildirmaydi. Sanksiyalarga bevosita tushadigan subyektlar uchun OFAC Subject to Secondary Sanctions — «ikkilamchi sanksiyalar qo‘llaniladi» degan iboradan foydalanadi.
OFAC ma’lumotlariga ko‘ra, «Tur Invest» Eronning Mahan Air aviakompaniyasi uchun mahalliy savdo agenti vazifasini bajaradi.
«Kursiv.kz» ma’lumotlariga ko‘ra, «Tur Invest» 2014 yilda Olmaota shahrida ro‘yxatdan o‘tgan va kichik korxonalar toifasiga kiradi. Adata ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyada besh nafardan kam xodim ishlaydi. Ro‘yxatdan o‘tish hujjatlarida asosiy faoliyat turi turoperatorlik sifatida ko‘rsatilgan. «Tur Invest»ning ikki nafar ta’sischisi bor: «Otel Jetisu» va Crystal Bay Kazakhstan kompaniyalariga ham rahbarlik qiluvchi Ansar Duysengaliyev (har ikki tashkilot ham faoliyatini to‘xtatgan maqomga ega) hamda «Tur Invest» hammuassisi va direktori Ziyoi Babak Ali. Bundan tashqari, u Qozog‘istondagi «Eron biznes markazi»ga rahbarlik qiladi.
OFACning yangilangan ro‘yxatiga Qozog‘iston, Malayziya, Turkiya, BAA va Buyuk Britaniyadagi Mahan Air Eron aviakompaniyasi bilan aloqalari bo‘lgan kompaniya va tashkilotlar kiritildi.
Aviakompaniya avval Eron va Olmaota o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni amalga oshirgan, biroq hozirda ushbu parvozlar to‘xtatilgan.
Shu bilan birga, AQSH hukumatining da’volari bevosita fuqarolik yo‘lovchi tashuvlari bilan bog‘liq emas. Vashingtonning ta’kidlashicha, Eron aviatsiya infratuzilmasidan qurol-yarog‘, shaxsiy tarkib va boshqa yuklarni tashish uchun ham foydalaniladi, Mahan Air esa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq. Mahan Airning o‘zi 2011 yildan beri AQSH sanksiyalari ostida.
OFAC qarori Vashingtonning Eron bilan savdo aloqalarini saqlab qolayotgan davlatlar va kompaniyalarga nisbatan bosimni kuchaytirishi fonida qabul qilindi.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio bir necha kun oldin dunyo bo‘ylab Amerika elchixonalariga mezbon davlatlar hukumatlariga Eron bilan savdo munosabatlarini to‘xtatish va u bilan bog‘liq noqonuniy tijoriy faoliyatga chek qo‘yish talabini bildiruvchi rasmiy diplomatik nota topshirishni buyurdi. Bu haqda avvalroq Axios nashri amerikalik amaldorlarga tayanib xabar bergan edi.
Jumladan, Markaziy Osiyoning bir qator davlatlaridagi AQSH diplomatik vakolatxonalari ham maxsus ko‘rsatmalar olgan. Biroq Axios gap aynan qaysi davlatlar haqida borayotganini aniqlashtirmagan.
Mintaqa davlatlari hokimiyat organlari hozircha Vashington talablariga rasmiy darajada munosabat bildirmagan.
Eron bilan umumiy tovar aylanmasi nisbatan kichik — 2024 yilda qariyb 1,9 milliard dollar bo‘lganiga qaramay, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari Tehron bilan munosabatlarda o‘z iqtisodiy manfaatlariga ega. «Nezavisimaya gazeta» ta’kidlashicha, respublikalar uchun Eron Fors ko‘rfazi portlariga olib boruvchi yo‘l vazifasini bajaradi hamda Rossiya va Xitoyga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.



