Qozog‘iston Adliya vazirligi Qashag‘an operatoridan 5 milliard dollar undirishning to‘xtatilishini izohladi

gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘iston Adliya vazirligi Qashag‘an operatori — North Caspian Operating Company (NCOC)ga nisbatan ijro ishi yuritilishi to‘xtatilgani haqida paydo bo‘lgan ma’lumotlar munosabati bilan izoh berdi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, ijro ishi haqiqatan ham to‘xtatilgan. Biroq bu NCOC tomonidan davlat sud ijrochisining harakatlari ustidan shikoyat berilgani bilan bog‘liq. Materiallar sudda ko‘rib chiqilayotgan davrda ijro ishi ular qaytarilguniga qadar to‘xtatib turiladi.

Shu tariqa, Adliya vazirligi ta’kidlashicha, gap NCOCdan mablag‘ undirishni to‘xtatish haqida bormayapti.

«NCOCdan davlat foydasiga mablag‘ undirish bo‘yicha ishlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davom ettiriladi», — deya ma’lum qildi vazirlik.

Qozog‘iston hukumati Qashag‘an operatoridan 2023 yilda konda oltingugurtni saqlashning ruxsat etilgan hajmlaridan oshirib yuborilgani uchun solingan 2,3 trillion tenge (taxminan 5 milliard dollar) miqdoridagi jarimani to‘lashni talab qilmoqda. Konsorsium unga qo‘yilgan da’volarni tan olmagan va jarima ustidan xalqaro arbitrajga shikoyat qilgan.

Joriy yil iyul oyida UNCITRAL arbitraj tribunali ish ko‘rib chiqilishi yakunlanguniga qadar Qozog‘istonga majburiy undirish choralarini qo‘llashni taqiqlovchi ta’minlov chorasi to‘g‘risida qaror chiqardi. Respublika Adliya vazirligi esa jarima qonuniy ekanini va bu milliy sudlarning qarorlari bilan tasdiqlanganini ma’lum qildi.

Vazirlik, shuningdek, Qozog‘iston sudining qarori 20 iyulga qadar ixtiyoriy ravishda ijro etilishi kerakligini, ushbu muddat o‘tganidan so‘ng hokimiyat organlari majburiy undirish choralarini qo‘llash huquqiga ega bo‘lishini qo‘shimcha qildi. 25 iyul kuni Qozog‘iston hukumati North Caspian Operating Company kompaniyasining mol-mulki va transport vositalariga xatlov qo‘ygani ma’lum bo‘ldi.

North Caspian Operating Company konsorsiumi tarkibiga Shell, Eni, TotalEnergies, ExxonMobil, CNPC, Inpex va «QazMunayGaz» milliy kompaniyasi kiradi. NCOC tomonidan o‘zlashtirilayotgan Qashag‘an koni so‘nggi o‘n yilliklarda dunyoda ochilgan eng yirik neft konlaridan biri hisoblanadi. Unda tijoriy neft qazib olish 2016 yildan boshlangan.

So‘nggi vaqtlarda Qozog‘iston hukumati konsorsiumga nisbatan bir qator da’volarni ilgari surdi. Ular orasida korrupsiya bilan bog‘liq da’volar ham bor.