Olmaota shahri Almali tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Qozog‘iston prezidenti qarorgohi — Oqo‘rdani egallashga urinish va ommaviy tartibsizliklar tayyorlashda ayblangan besh nafar faolga nisbatan ayblov hukmini chiqardi. Bu haqda huquq himoyachisi Baxitjan To‘regojina ma’lum qildi.
Qaysar O‘zbek va Talg‘at Ashirovning har biri 5,5 yildan ozodlikdan mahrum qilindi. Asqar Nurmagan, Abduali Tag‘ay va Duysenbek Jaqashevning har biri besh yilga qamaldi.
Asqar Nurmagan, Abduali Tag‘ay va Duysenbek Jaqashev bir guruh shaxslar tomonidan hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olish yoki uni qo‘lda ushlab turishni targ‘ib qilish, shuningdek, zo‘ravonlik, vayrongarchilik va hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish bilan kechgan ommaviy tartibsizliklarni tayyorlash va tashkil etishda ayblangan.
Qaysar O‘zbek va Talg‘at Ashirovga esa ushbu ayblovlardan tashqari, bir guruh shaxslar tomonidan portlovchi moddalarni qonunga xilof ravishda sotib olish, saqlash va tashish ayblovi ham qo‘yilgan.
Vlast.kz eslatishicha, sud jarayoni yopiq tarzda o‘tkazilgan. Sud muhokamasi boshida prokuror guvohlardan birining o‘z xavfsizligidan xavotirlanayotganini sabab qilib, majlislarni yopiq o‘tkazishni so‘ragan. Sud iltimosnomani qanoatlantirgan.
Advokat Janara Balg‘abayeva o‘shanda ushbu qarorni tanqid qilgan edi. «Oshkoralikni istashmayapti. Hammani shov-shuvsiz, tezda qamoqqa jo‘natishmoqchi», — deya izoh bergan u.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, faollar 2025 yil yanvaridan iyuniga qadar yashirin uchrashuvlar o‘tkazib, unda, tergov versiyasiga ko‘ra, keyingi harakatlarni muhokama qilishgan. Shuningdek, ular WhatsAppda «Qayrat Komanda» nomli umumiy chat tashkil etishgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh ishtirokchilari Ostonada hokimiyatini, prezident qarorgohi — Oqo‘rdani egallash, shuningdek, aholini stixiyali ravishda ko‘chaga chiqarish maqsadida ommaviy tartibsizliklar tashkil etishga kelishib olgan.
Ish figurantlari ayblovni tan olmagan. Abduali Tag‘ayning himoyachisi G‘alim Nurpeisov avvalroq sudlanuvchilar oddiy ishchilar ekanini, ularda ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan na moliya, na tashkiliy tuzilma bo‘lganini ta’kidlagan edi. Shunga qaramay, o‘tgan hafta prokuror besh nafar faolning har biriga o‘rtacha xavfsizlik darajasidagi muassasada jazoni o‘tash bilan sakkiz yildan ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan.
Qozog‘istonda avval ham davlat obyektlariga hujumlar va ommaviy tartibsizliklarni tashkil etishga urinishlar bilan bog‘liq jinoiy ishlar ko‘rib chiqilgan. 2024 yilda Olmaotaining Naurizbay tumani sudi yanvar voqealari vaqtida prezident qarorgohi va shahar hokimligiga hujum qilish bilan bog‘liq ish bo‘yicha hukm chiqargan. Sudlanuvchilar kursisida 11 nafar ayblanuvchi bo‘lgan. Ularning o‘n nafari amnistiyani hisobga olgan holda 1 yil 9 oydan ozodlikdan mahrum qilingan. Yana bir sudlanuvchi — Aqjo‘l Jandarbekovga sud o‘rtacha xavfsizlik darajasidagi muassasada 16 yillik qamoq jazosini tayinlagan, biroq amnistiya asosida jazo muddati 4 yilga qisqartirilgan.



