Qozog‘istonning Atirau shahrida «Dorojniy patrul» mintaqaviy portali jurnalisti Olesya Vertinskaya jinoyat ishi doirasida uy qamog‘iga olindi. Bu haqda so‘z erkinligini himoya qiluvchi xalqaro «Әdіl sөz» jamg‘armasi xabar berdi.
3 sentyabr kuni sud Vertinskayaga nisbatan ikki oy muddatga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan. Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistkaga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 107-moddasi 2-qismi — «Og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish» bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.
Mahalliy «Ak Jayik» nashri yozishicha, ish 2026 yil 22 aprel kuni Atirau shahridagi oziq-ovqat bazalaridan birining hududida sodir bo‘lgan mojaro bilan bog‘liq. Soat taxminan 17:30 da Vertinskaya Hyundai Custin avtomashinasini boshqarib ketayotganida baza qo‘riqchisi bilan janjallashib qolgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, erkak avtomashina oldida turgan va xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda mashina uning tomon harakatlana boshlagan. Videoyazuvlar asosida o‘tkazilgan ekspertiza avtomobil qo‘riqchi tomon ikki marta harakatlanganini aniqlagan.
Hodisadan so‘ng erkak politsiyaga murojaat qilib, uni mashina urib ketganini ma’lum qilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi unga yetkazilgan jarohatlarni o‘rtacha og‘irlikdagi sog‘liqqa zarar deb baholagan. Keyinchalik bu xulosa takroriy komissiyaviy ekspertiza tomonidan ham tasdiqlangan.
Tergov qo‘riqchiga nisbatan qilingan harakatlar qasddan sodir etilgan va uning xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan, deb hisoblamoqda.
Vertinskayaning o‘zi bu versiyaga qo‘shilmaydi. U avvalroq voqeani ochiqchasiga «avtopodstava» deb atagan va qasddan mashina bilan urib ketganini rad etgan.
Aprel oyidagi mojaro alohida ma’muriy ishga ham sabab bo‘lgan. Hodisadan so‘ng Vertinskaya qo‘riqchining suratini e’lon qilib, ijtimoiy tarmoqlarda u go‘yoki «mashinalar oldiga sakraydi», deb yozgan. Erkak politsiyaga murojaat qilgan. Iyul oyida sud jurnalist ayolni qasddan yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybdor deb topib, unga 778,5 ming tenge (1700 dollar) miqdorida jarima tayinlagan.
Sudning hozirgi qarori chiqishidan ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlarda politsiya xodimlari Vertinskayani shahar prokuraturasi binosidan kuch ishlatib olib chiqayotgan video paydo bo‘ldi. O‘sha paytda jurnalistka qo‘lida uning yig‘layotgan farzandi bo‘lgan.
Atirau viloyati politsiya departamenti voqeani «majburan olib kelish» deb atagan. Politsiya versiyasiga ko‘ra, Vertinskaya ko‘rsatma berish uchun bir necha bor chaqirilgan, biroq jurnalistka va uning himoyachisi qonun talablariga rioya qilmagani sababli tergovchi uni majburan olib kelish haqida qaror chiqargan.
Politsiyaning ta’kidlashicha, qarorni ijro etish vaqtida Vertinskaya xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va qarshilik ko‘rsatgan. Boshqarma versiyasiga ko‘ra, politsiya ishiga to‘sqinlik qilgan boshqa shaxslarning harakatlariga ham huquqiy baho berilishi aytilgan.
Keyinchalik Vertinskaya ozod qilingan, biroq o‘sha kuni sud uni uy qamog‘iga olish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirgan. Jurnalist sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tgan.
«Әdіl sөz» ma’lumotlariga ko‘ra, Vertinskaya avval ham Atirau shahar prokuraturasi va politsiya boshqarmasi binolari oldida bir necha bor piketlar o‘tkazgan. Bundan tashqari, jurnalist ayolga hujum qilingani haqida ham xabarlar bo‘lgan.
Jamg‘arma inson erkinligini jiddiy cheklaydigan ehtiyot choralari zarur, asoslangan va ehtimoliy xavflarga mutanosib bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.
«Әdіl sөz» shuningdek, majburan olib kelish vaqtida kuch ishlatish vaziyatga mos bo‘lishi va zarur doiradan chetga chiqmasligi kerakligini qayd etadi.
Jamg‘arma Vertinskayaga nisbatan ehtiyot chorasini belgilash haqidagi sud qarorini olish uchun so‘rov yuborgan, shuningdek, jinoyat ishining holatlari haqida ma’lumot so‘ragan. Rasmiy javoblar olinganidan so‘ng «Әdіl sөz» vaziyatga qo‘shimcha huquqiy baho berish niyatida.



