«Tolibon» harakati Afg‘onistonda yaqinda joriy etilgan ko‘cha namoyishlarini to‘liq taqiqlash qarorini birinchi marta ommaviy ravishda asoslab, namoyishlar demokratik tizimlarga xos ekani va islom huquqida bunga o‘rin yo‘qligini bildirdi. Bu haqda harakatning rasmiy vakili Zabehulla Mujohid chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar beradi Afghanistan International nashri.
Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, norozilikni ifodalash shakli sifatidagi namoyishlar «boshqa qonunlar amal qiladigan» jamiyatlarga, ya’ni demokratiya yoki respublika tizimiga xos. Shariat bo‘yicha esa fuqarolar o‘z shikoyatlarini ko‘chaga chiqish bilan emas, balki tegishli idoralarga murojaat qilish orqali hal qiladilar. U namoyishlarni tashkil etishni «vaqtni behuda sarflash», mol-mulkka zarar yetkazish, tartibsizlik va beqarorlik manbai, deb atadi.
Har qanday ommaviy aksiyalarni o‘tkazish taqiqlangani harakatning Adliya vazirligi tomonidan avgust oyi oxirida e’lon qilingan politsiya to‘g‘risidagi yangi qonun («Shurta qonuni»)ning 50-moddasida mustahkamlangan. Hujjat «Tolibon»ning oliy rahbari Haybatulla Oxundzoda tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, u shariat me’yorlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.
Rasman, bu 2021 yil avgust oyida «Tolibon» hokimiyatga qaytganidan buyon amalda bo‘lib kelgan namoyishlarni taqiqlash birinchi marta qonun bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri mustahkamlanishidir. Bunda hech qanday istisnolar yoki ommaviy aksiya o‘tkazish uchun ruxsat olish tartibi ko‘zda tutilmagan.
Inson huquqlari tashkilotlari yangi qonunni tanqid qilib chtqishdi. Human Rights Watch hujjatni hokimiyatning har qanday muxolif fikrni bostirishga qaratilgan «shafqatsiz kampaniyasi»ning bir qismi, deb atadi. Amnesty International esa qonun tinch yig‘ilishlar huquqining to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishini mustahkamlashini ta’kidladi. Namoyishlarni taqiqlashdan tashqari, politsiya to‘g‘risidagi qonun kuch ishlatuvchi tuzilmalar vakolatlarini kengaytiradi, hibsda saqlashning maksimal muddatini uch sutkadan o‘n sutkagacha oshiradi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan kuch ishlatish tartibini belgilab beradi.



