Qozog‘iston vitse-prezidenti lavozimiga Yerlan Karin, Bosh vazir lavozimiga esa Oljas Bektenov tasdiqlandi

Yerlan Karin (chapda), Oljas Bektenov. «Farg‘ona» kollaji

Qozog‘iston Qurultoyi (parlamenti) deputatlari 31 avgust kuni Yerlan Karinni mamlakat vitse-prezidenti, Oljas Bektenovni esa Bosh vazir lavozimiga tayinlashga rozilik berdi. Shundan so‘ng prezident Qosim-Jomart To‘qayev har ikki siyosatchini ushbu lavozimlarga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Nomzodlarning ikkalasini ham davlat rahbari taklif qilgan, deb xabar beradi Aqorda.

Vitse-prezident lavozimi 2026 yil 15 mart kuni referendumda qabul qilingan Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi asosida joriy etildi. Asosiy qonunga ko‘ra, vitse-prezident davlat rahbari tomonidan Qurultoy a’zolarining roziligi bilan tayinlanadi.

Vitse-prezidentning vakolatlariga prezidentning parlament, hukumat va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida uning nomidan ish yuritish, shuningdek, prezident topshiriqlarini bajarish kiradi. Davlat rahbarining vakolatlari muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, prezident vakolatlarini qabul qilish navbatida birinchi o‘rinda vitse-prezident turadi.

ℹ️ Yerlan Karin 1976 yil 26 mayda Turkiston viloyati Sayram tumanidagi Oqsuv qishlog‘ida tug‘ilgan. 1996 yilda K. Jubanov nomidagi Aqto‘be universitetini «tarix va geografiya» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, o‘qituvchi malakasiga ega bo‘lgan. 1999 yilda al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti falsafa va siyosatshunoslik fakultetining aspiranturasini tamomlagan. Siyosiy fanlar nomzodi.

O‘qituvchi bo‘lib ishlagan, Markaziy Osiyo siyosiy tadqiqotlar agentligini boshqargan, Bosh vazir maslahatchisi bo‘lgan. Turli yillarda «Asar» partiyasida, Prezident ma’muriyatida, «Nur Otan» partiyasida strategik rivojlanish bo‘yicha kotib lavozimida ishlagan, Prezident huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti (QSTI) direktori, «QTRK «Qozog‘iston»» raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2019–2022 yillarda prezident maslahatchisi va yordamchisi bo‘lib ishlagan. 2022 yil 5 yanvardan davlat kotibi, keyinchalik Qozog‘iston davlat maslahatchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2026 yil 30 iyundan Prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

ℹ️ Oljas Bektenov 1980 yil 13 dekabrda Olmaotada tug‘ilgan. 2001 yilda Qozog‘iston davlat yuridik akademiyasini «yurist» mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Bosh vazir kanselyariyasi, Prezident administratsiyasi, Adliya vazirligi va moliya politsiyasida ishlagan. Ostona shahri hokimi apparatiga rahbarlik qilgan, Ostona bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi departamentini boshqargan, Aqmola viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lgan.

2018 yil iyulidan 2023 yil apreligacha Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tizimida turli lavozimlarda ishlagan, shundan so‘ng Prezident administratsiyasi rahbari etib tayinlangan. 2024 yil 6 fevralda Qozog‘iston Bosh vaziri lavozimiga tayinlangan