Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtruns «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumni Toshkentda har yili o‘tkazishni taklif qildi. Uning fikricha, forum turli mamlakatlardan jurnalistlar, OAV vakillari va ekspertlar o‘rtasida muloqot uchun doimiy maydonga aylanishi mumkin. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Shtruns forumni muntazam o‘tkazish har yili uning mavzular doirasi va ishtirokchilar tarkibini kengaytirish, shuningdek, xalqaro auditoriyani islom sivilizatsiyasi tarixi, uning bugungi ahamiyati va kelgusi rivoji bilan tanishtirish imkonini berishini ta’kidladi.
Euronews rahbari Islom sivilizatsiyasi markaziga yuqori baho berib, uni O‘zbekistonning ilmiy, madaniy va tarixiy merosini birlashtiruvchi ma’rifiy makon deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy OAV uchun mamlakat o‘tmishi, bugungi o‘zgarishlar va uning kelgusi taraqqiyoti o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatish imkoniyati alohida qiziqish uyg‘otadi.
Shtruns bu yondashuvni «o‘tmishni qalbda asrab, kelajakni barpo etish» deb atadi. Uning fikricha, O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish nafaqat Buyuk ipak yo‘li va qadimiy shaharlar bilan, balki mamlakatda kechayotgan zamonaviy jarayonlar va yosh avlodning intilishlari bilan ham bog‘liq.
Euronews rahbari jurnalistikaning roliga ham alohida to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, OAV yuz berayotgan voqealarni xolisona yoritishi, auditoriyaga zarur ma’lumotlarni taqdim etishi va turli fikrlar almashinuvi uchun maydon yaratishi, shu orqali odamlarga mustaqil xulosa chiqarish imkonini berishi kerak.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum Toshkentda qariyb 50 ta mamlakatdan 300 ga yaqin jurnalist, OAV rahbarlari va ekspertlar ishtirokida o‘tkazilmoqda. Euronews CNN bilan bir qatorda forumning bosh media hamkorlaridan biri hisoblanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



