O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarga qaramay, mamlakat xalqaro media makonida hozircha yetarlicha keng yoritilmayapti. Bu haqda Oman TV telekanali yangiliklar dasturi boshlovchisi Ahmad Hilol al-Busaidiy Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumda ta’kidladi, deb xabar beradi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.
Al-Busaidiyning so‘zlariga ko‘ra, yirik telekanallar va boshqa OAVlarning forumda ishtirok etishi xalqaro auditoriyaga Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida kengroq ma’lumot berish imkonini yaratadi.
«Ko‘plab mamlakatlarda, masalan, O‘zbekistonni media maydonida unchalik yaxshi tanilmagan yoki ommaviy axborot vositalarida ko‘p tilga olinmaydigan davlat sifatida tasavvur qilishlari mumkin», — dedi jurnalist.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaz faoliyati bilan tanishgach, u mamlakatda amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘lamiga amin bo‘lgan va ularni xorijiy auditoriyaga namoyish etish muhim, deb hisoblaydi.
Al-Busaidiy mintaqaning tarixiy va ilmiy merosi taqdim etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasiga ham yuqori baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mediaforumning vazifalaridan biri aynan shu ishlarni dunyoga namoyish etishdan iborat.
« O‘zbekiston islom sivilizatsiyasini faqat yozma tarix sifatida emas, balki bugungi kunda ham insonlarga yetib borayotgan, dunyoga nur va tinchlik ulashayotgan haqiqiy kuch sifatida namoyon etayotganini ko‘rsatib berish muhim», — dedi Oman TV vakili.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum 24–28 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda qariyb 50 ta mamlakatdan 300 ga yaqin jurnalist, OAV rahbarlari, ekspertlar va kreativ industriya vakillari ishtirok etmoqda.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



