G‘arbiy Qozog‘iston viloyatidagi «Kondensat» neftni qayta ishlash zavodi Rossiya neftini qayta ishlaydi. Bunda ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarining qariyb 70 foizini Rossiyaga yetkazib berish, 30 foizgachasini esa Qozog‘iston ichki bozorida qoldirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda respublika Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov brifingda TASS savoliga javob berar ekan, ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, zavod egasi sanksiyalar ostida emas, shu bois cheklovlar korxona faoliyatiga ta’sir qilmasligi kerak.
Vazir shuningdek, «Kondensat» zavodi Qozog‘iston yoki Rossiyaning magistral quvur tizimlariga ulanmaganini ma’lum qildi. Rossiya neftini zavodga yetkazib berish va tayyor mahsulotni olib chiqish temir yo‘l orqali amalga oshiriladi.
«Agar mulkdor hozir yetkazib berishni xohlasa, hech qanday muammo yo‘q. Barchasi temir yo‘lning o‘tkazish qobiliyatiga bog‘liq», — dedi Energetika vaziri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir korxonadani rekonstruksiya qilish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ishlari olib borilmoqda. Akkenjenov ta’kidlashicha, loyiha Qozog‘iston uchun qo‘shimcha investitsiyalar jalb etilishi va ish o‘rinlari saqlab qolinishini anglatadi.
Kursiv.kz eslatishicha, «Kondensat» NQZi avval Qozog‘istonda xomashyo yetishmasligi sababli minimal quvvatda ishlagan. 2024 yildan boshlab korxona Rossiya nefti va Tataristonda ishlab chiqarilgan gaz kondensatini yetkazib berishga o‘tgan.
2024 yilda «Kondensat» «Bіrіnshі shina kompaniyasi» kompaniyasi bilan har oy 30 ming tonna gaz kondensati distillyati va xom neft yetkazib berishni nazarda tutuvchi shartnoma tuzadi. Bunday hajmlar zavodning maksimal quvvatining 90–95 foizida ishlashini ta’minlashi kerak edi. Xomashyoni Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasi yetkazib bergan.
Iyun oyining o‘rtalarida Qozog‘iston OAVlari «Kondensat» xomashyo yetkazib berishda uzilishlarga duch kelishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Bunga «Tatneft» kompaniyasining Nijnekamskdagi korxonasi — TANЕKOga dronlar hujumi sabab bo‘lgandi. Hujumdan so‘ng korxona neft qayta ishlashni to‘liq to‘xtatgan.
Rossiya neftni qayta ishlash korxonalariga dronlar zarbalari fonida mamlakatda benzin va dizel yoqilg‘isi tanqisligi yuzaga keldi. Natijada Rossiya ko‘p yillardan beri ilk bor motor yoqilg‘isini xorijdan import qila boshladi. Rossiya OAVlari Rossiya hukumati Qozog‘istondan yoqilg‘i tanqisligini bartaraf etishda yordam so‘ragani haqida xabar berdi. Biroq, Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov avval ham bir necha bor bu masala bo‘yicha rasmiy murojaat olmaganini ma’lum qildi.
17 avgust kuni Reuters Rossiya Belarus va Qozog‘istondan benzin import qila boshlagani haqida xabar berdi. Shuningdek, dengiz orqali yetkazilgan Hindistondan dastlabki yoqilg‘i partiyalari hamda Janubiy Koreyadan yetkazib berishlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi. 21 avgust kuni Rossiya Bosh vazirining o‘rinbosari Aleksandr Novak ichki bozordagi tanqislikni qoplash uchun yoqilg‘i importi boshlanganini tasdiqladi.



