Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan pochta markalari seriyasi taqdim etildi

Forum ishtirokchilari. ITSM fotosurati

Toshkentda «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan pochta markalari seriyasi taqdim etildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Seriya kichik varaq shaklida chiqarilgan 23 ta pochta markasidan iborat. Ular bilan birga sovg‘ali va suvenirli albomlar, pochta konverti hamda esdalik shtempeli tayyorlangan.

Markalarda Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalar tasvirlangan.

Bundan tashqari, markalarda VII–XVI asrlarga oid artefaktlar hamda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarining madaniy merosi namunalari aks ettirilgan. Kichik varaqlarda Islom sivilizatsiyasi markazining logotipi joylashtirilgan.

Taqdimot doirasida markalarni esdalik shtempeli bilan so‘ndirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtruns, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, CNN International mintaqaviy direktori Imron Ahmad va forumning boshqa ishtirokchilari qatnashdi.

Ma’lum qilinishicha, markalar O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligining buyrug‘i asosida 19 mart kuni muomalaga kiritilgan.

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilmoqda. Uning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.