Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro mediaforumning ochilish marosimi yakunlandi

Forumning ochilishi. ITSM fotosurati

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 25 avgust kuni «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumning ochilish marosimi yakunlandi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Marosimda O‘zbekiston davlat tuzilmalari vakillari, yetakchi xorijiy OAV va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, xalqaro ekspertlar hamjamiyati a’zolari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilovning murojaatini Prezident Administratsiyasi xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.

Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning chiqishi bo‘ldi. U madaniyat, media va g‘oyalar almashinuvi orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni yaqinlashtirishning yangi imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosini targ‘ib qilishda zamonaviy OAVning roli haqida so‘z yuritdi.

Shtrunsning ta’kidlashicha, zamonaviy Ipak yo‘li nafaqat transport koridori, balki bilim, texnologiyalar, innovatsiyalar va axborot almashinuvi maydoniga ham aylanishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston geografik joylashuvi, yosh aholisi va qo‘shni davlatlar bilan aloqalari tufayli ushbu jarayonda asosiy rollardan birini o‘ynashi mumkin.

Forum ishtirokchilariga CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelson ham murojaat qildi. Dastur doirasida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini zamonaviy jurnalistika va vizual storitelling vositalari orqali xalqaro auditoriyaga qanday taqdim etish mumkinligi muhokama qilindi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi Firdavs Abduhalikov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media-platforma» mavzusida ma’ruza qildi. U Markazning xalqaro media loyihalari, xorijiy OAV bilan hamkorlik, hujjatli kino, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish haqida so‘zlab berdi.

Marosim ishtirokchilariga Islom sivilizatsiyasi markazi va uning loyihalari haqida maxsus videomateriallar namoyish etildi.

Marosim yakunlanganidan so‘ng forum ishi yalpi majlislar bilan davom etdi. Ularning birinchisi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro media makonidagi o‘rni va tarixiy merosni jahon auditoriyasiga taqdim etishning zamonaviy usullariga bag‘ishlandi.

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforum 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilmoqda. Tadbirning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hisoblanadi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.