Toshkentda 25 avgust kuni «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda 50 ga yaqin davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Forum ishtirokchilari orasida CNN International Commercial, Euronews, BBC Studios, TRT World, xalqaro axborot agentliklari vakillari, shuningdek, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar hamda raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
Ochilish marosimi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferensiyalar zalida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» nomli maxsus film namoyish etildi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga murojaatini prezident Administratsiyasi xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning maxsus ma’ruzasi bo‘ldi. U madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni yaqinlashtirish, shuningdek, islom sivilizatsiyasi merosini global axborot makonida targ‘ib qilish haqida so‘z yuritdi.
Forum ishtirokchilariga CNN International Commercial ijrochi vitse-prezidenti Fil Nelson ham murojaat qildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruvi raisi Firdavs Abduhalikov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, muzey ishi, ilm-fan, kino va raqamli texnologiyalarni birlashtiruvchi zamonaviy madaniy-ma’rifiy media-platforma sifatida taqdim etdi.
Ochilish marosimidan so‘ng tarixiy-madaniy merosni ommalashtirishning yangi formatlari, hujjatli kino, televideniye, nashriyot va raqamli loyihalarga bag‘ishlangan yalpi majlislar hamda xalqaro muhokamalar boshlandi.
Xalqaro mediaforum 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadi. Toshkentdagi dasturdan so‘ng ishtirokchilar Samarqandga yo‘l oladi. U yerda forum dasturi O‘zbekistonning tarixiy-madaniy va ma’naviy merosi obyektlariga bag‘ishlanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



