Ozarbayjonlik jurnalistlar Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdilar

Ozarbayjonlik jurnalistlar. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari (OAV)ning 50 ga yaqin vakili Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Ular uchun majmua muzey zallari bo‘ylab mediatur tashkil etildi, deb xabar berdi Markaz matbuot xizmati.

Jurnalistlarga O‘zbekiston tarixining qadimgi davrlardan boshlab rivojlanishi, islom madaniyati taraqqiyoti va jahon ilmiga hissa qo‘shgan olimlar merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar namoyish etildi. Mehmonlar, shuningdek, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy artefaktlar va multimedia installyatsiyalarini ko‘rdilar.

Ozarbayjonning İTV telekanali muxbiri Sabina Shukurova Markazga avval ham tashrif buyurganini ta’kidlab, ekspozitsiyalar bezagidagi o‘zgarishlar va yangi texnologik yechimlardan foydalanilganiga e’tibor qaratdi.

«Odatda tarixni kitoblardan o‘rganishga odatlanganmiz. Ammo uni jonli, kichik bir qismini interpretatsiya qilingan shaklda ko‘rish ayniqsa qiziqarlidir. Bu yodda qoladi. Chunki inson hamma narsani ko‘z bilan ko‘rgan sari yanada ko‘proq eslab qoladi», — dedi jurnalist.

Ozarbayjon televideniyesi vakili Vusal Matlab tarixiy merosni asrab-avaylash va ommalashtirishda zamonaviy texnologiyalardan qanday foydalanilayotganiga e’tibor qaratdi.

« Biz bu yerdan juda katta taassurotlar bilan ketyapmiz. Juda zamonaviy yechimlar va ijodiy yondashuv bilan islom an’analari va merosi taqdim etilgan. Juda yoqdi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy va etnik ildizlarga tayanishi bilan birga, bugungi kundagi qardoshlik va do‘stlikning amaliy loyihalarda ham namoyon bo‘lmoqda», — dedi u.

Matlab ana shunday loyihalardan biri sifatida Ozarbayjonning Fizuli shahridagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli o‘rta maktabni misol keltirdi. 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekiston tashabbusi bilan 2023 yilda qurilgan.

Ozarbayjonning REAL TV telekanali boshlovchisi Namida Bingyol islom dini tarqalishidan oldin O‘zbekiston xalqlarining madaniyati va kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi bo‘limga alohida e’tibor qaratdi.

« Kitobdan o‘qish bir narsa, kelib, uni o‘z ko‘zing bilan ko‘rish esa butunlay boshqa. Taassurotlarim juda yaxshi. Qaytganimdan so‘ng bu yerda ko‘rganlarimni yanada chiroyli shaklda taqdim etishga harakat qilaman», — dedi u.

Mediatur doirasida jurnalistlarga Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, kitob va qo‘lyozmalar fondlari, shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ham ma’lumot berildi.

Qayd etish lozim, 24–28 avgust kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi bo‘lib o‘tadi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.