Pokiston Qozog‘istonga yuklarni tranzit qilish uchun o‘zining Karachi, Qosim va Gvadar dengiz portlaridan foydalanishni taklif qildi hamda qo‘shma logistika loyihalarini rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda Pokiston Axborot va teleradiotarqatish vazirligi axborot departamenti dengiz ishlari bo‘yicha federal vazir Muhammad Junayd Anvar Chaudrining Qozog‘iston elchisi Yerjan Qistafin bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.
Chaudrining so‘zlariga ko‘ra, Pokiston portlari nafaqat Qozog‘iston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham tranzit xablariga aylanishi mumkin. Ular Fors ko‘rfazi, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga chiqish imkonini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Pokiston erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Tomonlar, shuningdek, dengiz tashuvlarini rivojlantirish, savdo jarayonlarini soddalashtirish hamda ikki mamlakatning tegishli idoralari va port operatorlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Shu bilan birga, hozircha aniq yo‘nalishlar, tashiladigan yuk hajmlari va loyihalarni amalga oshirish muddatlari ochiqlanmagan.
2026 yil iyun oyi o‘rtasida Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari — Milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin Pokiston portlariga chiqish mamlakat transport strategiyasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanini aytgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, variantlardan biri Eron orqali o‘tadigan yo‘nalish bo‘lib, unda yuklarni Eron portlarida qayta yuklash va keyin Karachi portiga jo‘natish ko‘zda tutiladi. Muqobil variant sifatida esa Afg‘oniston orqali o‘tuvchi Trans-Afg‘oniston yo‘lagi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu yo‘nalish Qozog‘istonga Afg‘oniston—Pokiston quruq portiga, keyin esa Karachi portiga chiqish imkonini beradi.
«Bizda “Sharq — G‘arb” yo‘nalishi bor, ammo to‘liq erkin harakat qilish uchun Qozog‘istonga portlarga chiqish nihoyatda muhim. Bu mamlakatimizning kelgusi rivojlanishi kafolatlaridan biridir. Menimcha, bu avlodimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri», — deb ta’kidladi Jumangarin.
Qozog‘iston va Pokiston o‘rtasida tranzit-transport hamkorligini rivojlantirish masalasi prezident Qosim-Jomart To‘qayevning o‘tgan qishda Islamabodga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida ham muhokama qilingan edi.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston va Pokiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 105,6 million dollarni tashkil etgan. Tomonlar o‘rta muddatli istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.



