Vashington Qozog‘istondagi Chevron kompaniyasi manfaatlarini himoya qilish maqsadida Kiyevni ogohlantirdi

Yonayotgan tanker. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

AQSH prezidenti ma’muriyati Chevron kompaniyasi rahbari Mayk Virtning Qozog‘istondagi neft loyihalari xavfsizligi yuzasidan murojaatidan so‘ng Ukrainaga Qora dengizda Rossiyaga tegishli bo‘lmagan tankerlarga zarba berish maqsadga muvofiq emasligi haqida ogohlantirdi. Bu haqda The Wall Street Journal muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, shu hafta Mayk Virt Tramp ma’muriyati vakillari bilan Ukraina tomonidan Qora dengizda amalga oshirilgan hujumlarning Chevronning Qozog‘istondagi neft aktivlariga ta’sirini muhokama qilgan. Bunga Ukraina dengiz dronlarining Rossiyaning Novorossiysk porti yaqinidagi to‘rtta neft tankeriga qilgan hujumlari sabab bo‘lgan. Ularning biri Chevron tomonidan charter qilingan edi.

Mazkur port orqali Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) neft quvuri orqali neft eksport qilinadi. Konsorsiumning ma’lum qismi Chevronga tegishli bo‘lib, u dunyodagi kunlik neft ishlab chiqarish hajmining taxminan 2 foizini tashishni ta’minlaydi. Hujumdan keyin terminal orqali neft yuklash cheklangan va bu Qozog‘istonni neft qazib olish hajmini qisqartirishga majbur qilgan.

The Wall Street Journal yozishicha, neft kompaniyalari bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng Vashington Kiyevga Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga zarba berish maqsadga muvofiq emasligini anglatgan. Amerika rasmiylaridan birining so‘zlariga ko‘ra, AQSH ma’muriyati Kaspiy quvur konsorsiumini Qozog‘iston neftini Yevropaga yetkazib berishdagi muhim yo‘nalish deb hisoblaydi. Bu yo‘nalish Yevropa davlatlarining Rossiya energetika resurslariga qaramligini kamaytirishga xizmat qiladi.

Chevron KQK aksiyalarining 15 foiziga egalik qiladi. Shuningdek, kompaniya Qozog‘istondagi eng yirik Tengiz neft konining 50 foiz ulushiga ega bo‘lib, mazkur kon Chevronning jahon bo‘yicha umumiy neft qazib chiqarish hajmining taxminan 12 foizini ta’minlaydi. Tahlilchilarning baholashicha, agar Novorossiysk orqali neft eksport qilishdagi uzilishlar davom etsa, neftni saqlash quvvatlarining cheklangani sababli Chevron Tengiz konida neft qazib olish hajmini qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkuin.