XMT: Tojikistonga qaytgan migrantlarning uchdan biri ish topa olmagan, ularning daromadi 70 foizga kamaygan

asia-today.news sayti fotosurati

Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etgan har uchinchi shaxs Tojikistonga qaytganidan so‘ng ishsiz qolgan. Shu bilan birga, respondentlarning o‘rtacha oylik daromadi uch baravardan ko‘proq qisqargan — xorijdagi 943 dollardan o‘z yurtida 309 dollarga tushgan. Bu haqda XMTning Tojikistondagi vakolatxonasi 2025 yil uchun yillik hisobotida so‘z yuritiladi.

Qaytish migratsiyasi bo‘yicha tadqiqot doirasida mutaxassislar Tojikistonning beshta viloyati va 12 ta tumanida 2197 nafar kishidan so‘rov o‘tkazgan. Respondentlar qaytishning asosiy sabablari sifatida oilaviy holatlar, hujjatlar bilan bog‘liq muammolar, deportatsiya, salomatlik yomonlashuvi va Rossiyadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni ko‘rsatgan. Ayrim migrantlar mehnat shartnomalari tugagani yoki ishlash uchun ruxsatnoma olishdagi qiyinchiliklar sababli qaytgan.

Qaytish migratsiyasi mamlakatning barcha hududlarida qayd etilgan, ammo eng ko‘p holatlar Sug‘d viloyati va respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlarda kuzatilgan.

Tadqiqot ishtirokchilarining aksariyati qaytishidan oldin qurilish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlagan. Vatanga qaytgach, so‘ralganlarning har uchdan biri ish topa olmagan, ishga joylashganlarning daromadlari esa sezilarli darajada kamaygan.

Erkaklarning o‘rtacha oylik ish haqi xorijdagi 1017 dollardan Tojikistonda 321 dollarga tushgan. Ayollarning daromadi esa 681 dollardan 254 dollarga kamaygan. Odamlar jamg‘arma to‘play olisholmayapti, ularga kundalik asosiy xarajatlarni qoplash qiyin bo‘lmoqda.

So‘ralganlarning deyarli yarmi yana chet elga ishlash uchun ketish niyati borligini bildirgan. Ular asosan Rossiyaga borishni rejalashtirmoqda.

XMTda ta’kidlanishicha, ko‘plab fuqarolar ishni qarindoshlari va tanishlari orqali izlamoqda. Shu bilan birga, ularning moliyaviy ahvoliga oilalarini qo‘llab-quvvatlash zarurati va xorijda ishga joylashish shartlari haqida ishonchli ma’lumot yetishmasligi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tashkilot fuqarolarni chet elga chiqishdan oldin tayyorlashni kuchaytirish, huquqiy yordamni kengaytirish, hujjatlarni rasmiylashtirish, ish topish va kasbiy ta’lim olishda ko‘maklashishni tavsiya qilapdi. Alohida e’tiborni ayollarga, shuningdek, bandlik dasturlarini, mikromoliyalashtirish va qaytib kelgan migrantlarni ijtimoiy himoya qilish choralarini rivojlantirishga qaratish taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, mehnat migrantlari o‘z mamlakati iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Masalan, ekspertlar bahosiga ko‘ra, 205 yilning dastlabki to‘qqiz oyida xorijdan Tojikistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 50 foizga oshgan. 2024 yili bunday operatsiyalar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 45,4 foizini tashkil etgan va bu nisbiy ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi eng yuqori natija bo‘lgan.

Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning ta’sirini hukumat vakillari ham e’tirof etadi. Masalan, Mahalliy rivojlanish qo‘mitasi raisi Kamoliddin Muminzodning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili migrantlar va xorijda yashayotgan boshqa vatandoshlar mablag‘lari hisobidan respublikada umumiy qiymati 188 million somonidan (20 million dollardan ortiq) ziyod bo‘lgan 288 ta obyekt qurilgan. Ular orasida sport maydonchalari, bolalar bog‘chalari va maktablar, oshxonalar va mehmonxonalar, sanoat korxonalari bor. Shuningdek, ushbu mablag‘lar hisobidan yo‘llar va infratuzilma obyektlari ham ta’mirlangan.