Sharqiy Qozog‘iston viloyatida sud Ulan tumanida oltinni noqonuniy qazib olishda aybdor deb topilgan bir guruh mahalliy aholi va Xitoy fuqarolariga nisbatan hukm chiqardi, deb xabar beradi ORDA.kz.
Sharqiy Qozog‘iston viloyati prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahkumlar ikki yil davomida qariyb 15 kilogramm qimmatbaho metall qazib olgan. Davlatga yetkazilgan zarar esa 766 million tengedan (1,6 million AQSH dollari) oshgan.
Nazorat organi ma’lum qilishicha, noqonuniy qazib olish ishlari 2024–2025 yillari Katta va Kichik Shibindi daryolari vodiylarida amalga oshirilgan. Guruh a’zolari zarur ruxsatnomalarsiz konni o‘zlashtirish ishlarini tashkil qilgan, shu bilan birga o‘rmon fondi yerlariga zarar yetkazgan.
2025 yil iyun oyida prokuratura Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ), politsiya va Moliyaviy monitoring agentligi bilan hamkorlikda maxsus operatsiya o‘tkazgan. Amaliyot davomida xorijiy fuqarolar qo‘lga olingan, shuningdek, maxsus texnika, uskunalar, oltin tarkibli xom ashyo va pul mablag‘lari musodara qilingan.
Ishni O‘skemen shahridagi Jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi ko‘rib chiqqan. Prokuratura ma’lum qilishicha, ayblanuvchilar qimmatbaho metallarni ayniqsa yirik miqdorda noqonuniy qazib olishda aybdor deb topilib, ularga turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Idora mahkumlar soni va har biriga tayinlangan jazo muddatlarini aniq ko‘rsatmagan. Biroq ma’lumki, bunday holatlarda Qozog‘istonda Jinoyat kodeksining 295-1-moddasi («Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallarni o‘z ichiga olgan xom ashyo tovarlarining noqonuniy muomalasi») qo‘llaniladi. Ushbu modda bo‘yicha eng yuqori jazo — yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Bu mintaqada oltinni noqonuniy qazib olinishiga oid birinchi holat emas. Bundan bir oycha vaqt oldin politsiya Sharqiy Qozog‘iston viloyatida qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yirik sxemani fosh etgani haqida xabar berilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yashirin ishlab chiqarish qonuniy faoliyat yurituvchi MCHJ bilan niqoblangan. O‘shanda huquqni muhofaza qiluvchi organlar 63 nafar shaxsni, jumladan, ehtimoliy tashkilotchilar va 13 nafar xorijiy fuqaroni qo‘lga olgan.



