KQK Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerga dron hujumi uyushtirilgani haqida xabar berdi

depositphotos.com sayti fotosurati

Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) Qora dengizidagi dengiz terminali yonida neft yuklash ishlarini amalga oshirayotgan tankerga uchuvchisiz uchish apparati orqali yangi hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi.

Konsorsium ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa 20 iyul kuni, ya’ni avvalgi hujumdan bir kun o‘tib sodir bo‘lgan. Hujum NELSA tankeriga uyushtirilgan bo‘lib, kema VPU-1 tashqi prichal qurilmasi yonida turgan bo‘lgan. Dron tankerning o‘ng borti orqa qismiga, ustqurilma va mashina-qozonxona bo‘limi oralig‘iga kelib tushgani natijasida yong‘in chiqqan.

Yong‘in bir necha soat ichida ekipaj va KQKning avariya-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan o‘chirilgan. 22 kishidan iborat xalqaro ekipaj konsorsium buksirlari yordamida evakuatsiya qilingan. Kema bortida kapitan va katta yordamchi qolgan. KQK ma’lumotlariga ko‘ra, tanker o‘zining suzish qobiliyatini saqlab qolgan.

Hodisadan so‘ng neft yuklash ishlari yana to‘xtatilgan. Neft to‘kilishining va tanker rezervuarlaridagi yukning yonib ketishining oldi olingan.

KQK ta’kidlashicha, hujum Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi va Energetika vazirligi fuqarolik kemalariga qilingan avvalgi zarbalarni qoralab, ularni respublika iqtisodiy manfaatlariga tajovuz deb atagan bayonotlaridan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan.

«KQK ishtirokchi davlatlari mazkur hujumlarni qoralaydi va xalqaro huquq me’yorlariga so‘zsiz rioya qilgan holda Qozog‘iston Respublikasi hududida xalqaro konsorsiumlar tomonidan qazib olingan uglevodorod xom ashyosini eksport qilish infratuzilmasiga nisbatan terrorchi hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha amaliy choralarni ishlab chiqadi, deb kutmoqdamiz», — deya ta’kidlanadi konsorsium matbuot xizmatida.

Kaspiy quvur konsorsiumi Qozog‘iston neftini jahon bozorlariga eksport qilishning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi: mamlakat neft eksportining 80 foizdan ortig‘i uning tizimi orqali amalga oshiriladi. Taxminan 1,5 ming kilometr uzunlikdagi quvur G‘arbiy Qozog‘istondagi neft konlarini Qora dengiz sohilidagi (Novorossiysk yaqinida joylashgan) dengiz terminali bilan bog‘laydi. U yerdan neft tankerlarga yuklanib, jahon bozorlariga jo‘natiladi. Konsorsium aksiyadorlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, AQSHning Chevron kompaniyasi va boshqa xalqaro neft-gaz korporatsiyalari bor.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor