2026 yil 18 iyunda Eronning Qum viloyait jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 29 yoshli mustaqil ijrochi Parastu Ahmadi va uning guruhidagi sakkiz a’zoni «odobsiz kontent ishlab chiqarish va tarqatish orqali jamoat axloqini buzish«da aybdor deb topdi. Bu haqda Eron inson huquqlari tashkilotlari, jumladan, Human Rights Activists in Iran (HRA), rasmiy sud axborot agentligi Mizan xabar berdi, keyinchalik ularning xulosalari Britaniyaning The Guardian gazetasi kabi yetakchi xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan tasdiqlandi.
Sud Ahmadiga 74 darra kaltaklanish, ikki yilga barcha ijodiy faoliyatdan chetlanish va ikki yilga sayohat qilish taqiqini tayinladi. Uning sakkiz nafar hamkasbiga ham shunga o‘xshash jazolar qo‘llanildi.
Jinoiy javobgarlikka Deyr-e Gachin tarixiy majmuasida yashirincha yozib olingan va keyinchalik xonandaning YouTube kanalida e’lon qilingan «Karvonsaroy konserti» nomli akustik onlayn konsert sabab bo‘lgan. Ijro davomida Ahmadi boshi ochiq holda an’anaviy fors va xalq qo‘shiqlarini kuylagan. Eron qonunchiligiga ko‘ra, bu holat ayol ijrochilar uchun majburiy kiyinish qoidalarini buzish sifatida jinoiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Sud hujjatlarida uning tashqi ko‘rinishi “shariat talablariga nomuvofiq” deb ta’riflangan. Translyatsiya yozuvini millionlab odamlar ko‘rgan, mamlakat ichida ham, Eron diasporasi orasida ham katta jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan.
Parastu Ahmadi va mazkur ish bo‘yicha barcha ayblanuvchilarga sud tomonidan ikki yil davomida har qanday ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqi qo‘yilgan. Bu cheklov amalda mustaqil artistlar uchun kasbiy faoliyatni to‘liq to‘xtatishni anglatadi.
Ahmadi ijodi avval ham Eron hukumat organlari diqqatida bo‘lgan. Tehrondagi “Sure” universitetining rejissyorlik fakulteti bitiruvchisi bo‘lgan ijrochi “Ayol, hayot, erkinlik» norozilik harakati davrida demokratiya va huquqlar uchun kurash mavzusidagi qo‘shiqlari bilan tanilgan. Uning “Ozodlik nafasi” (The Air of Freedom) kompozitsiyasi shular jumlasidandir.
2024 yilda u bo‘sh zalda onlayn chiqish qilib, tomoshabinlarni “erkin va go‘zal millatni tasavvur qilish”ga chaqirgan va o‘z ijodini ijtimoiy-siyosiy norozilik bilan bog‘lagan. Huquq himoyachilariga ko‘ra, hozirgi hukm Eronda norozilik harakati bilan bog‘liq artistlar va faollarga nisbatan bosim kampaniyasining bir qismi hisoblanadi.
Karvonsaroydagi konsertdan ko‘p o‘tmay, Ahmadining hibsga olinishi va ish qo‘zg‘atilganini birinchi bo‘lib Mizan kabi rasmiy sud va davlat ommaviy axborot vositalari xabar qilishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shiqchi xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olingan, so‘ng sud jarayoni yakunlanguncha vaqtincha garov evaziga qo‘yib yuborilgan.
Sud hukmi jamoatchilik, huquq himoyachilari va madaniyat sohasi vakillari tomonidan keskin tanqidga uchradi. Ular Ahmadi ishini Eronda ayollarning fundamental huquqlari hamda badiiy so‘z erkinligini tizimli cheklanayotganining yana bir namunasi sifatida baholashmoqda.
Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, hijobsiz qo‘shiq ijro etgani uchun 74 darra kaltak jazosini qo‘llash Eron hukumatining jismoniy jazo va ijodiy ta’qiqlarni qo‘rqitish vositasi sifatida ishlatishga tayyor ekanini ko‘rsatadi. Ular ayniqsa jamoat oldida belgilangan ijtimoiy normalarga qarshi chiqqan ayollarga nisbatan bunday choralar kuchliroq qo‘llanilayotganini qayd etishmoqda.
Parastu Ahmadi o‘zining ommaviy bayonotlari va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida ona yurtida qo‘shiq kuylash huquqini ajralmas va birov tortib ololmaydigan huquq deb hisoblashini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, musiqa uning uchun har qanday jinoiy ta’qib va jismoniy jazo xavfiga qaramasdan, erkin kelajakka umid manifesti bo‘lib qolaveradi.



