Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonda real yalpi ichki mahsulot o‘sishi joriy yilda 6,8 foizni, kelasi yilda esa 6 foizni tashkil etishini kutmoqda. Mazkur ijobiy prognoz yuqori iste’mol darajasi, investitsiyalarning o‘sishi hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar bilan izohlanadi. Bu haqda markaziy osiyolik respublika hukumati bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha tayyorlangan ekspertlar hisobotida qayd etilgan bo‘lib, hujjat moliyaviy tashkilotning saytida 18 iyun kuni e’lon qilingan.
Jamg‘arma mutaxassislarining fikricha, islohotlar qattiq pul-kredit siyosati bilan uyg‘un holda inflyatsiyani yanada pasaytirishga imkon beradi — ko‘rsatkich 2027 yil oxiriga kelib 5 foizgacha tushishi kutilmoqda. Bu raqam O‘zbekiston Markaziy bankining maqsadli ko‘rsatkichlari bilan mos keladi.
Jahon miqyosida oltin narxlarining ko‘tarilishi tufayli joriy hisob defitsiti 2026 yilda YAIMning 3,2% gacha qisqarishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro zaxiralar qulay darajada qoladi va joriy yil oxiriga kelib 12 oydan ortiq importni qoplaydi.
XVJ vakillarining tushuntirishicha, bu ijobiy taxminlar respublikaning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga asoslangan. Masalan, real YAIM 2025 yilda barqaror ravishda 7,7% ga o‘sgan va joriy yilning birinchi choragida o‘sish sur’ati o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,7% gacha tezlashgan. Ishsizlik va kambag‘allik darajasi pasayishda davom etdi, inflyatsiya esa yanvar-mart oylarida 7% ga yetgan.
Ekspertlar hisobotida qayd etilishicha,
O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda: barqaror o‘sish, inflyatsiyaning bosqichma-bosqich pasayishi, budjet va tashqi operatsiyalar saldosining yaxshilanishi hamda xalqaro zaxiralarning yetarli darajasi bilan.
Shu bilan birga, mamlakat bir qator xatarlarga duch kelishi mumkin, jumladan global kon’yunkturaning yomonlashishi va iqtisodiyotning qizib ketishi xavfi. Bundan tashqari, Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli inflyatsion bosim ham yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas. Shu sababli, XVJ mamlakat Markaziy bankini pul-kredit siyosatini qat’iylashtirishga tayyor bo‘lishga chaqirmoqda.
Hisobotda respublika hukumatiga iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham berilgan. Xususan, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish va xususiy sektor salohiyatini rivojlantirish zarurligi ta’kidlanadi. Bu yondashuv barcha bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, davlat boshqaruvi islohotlarini tezlashtirish, jumladan, ma’lumot beruvchini himoya qilish va aktivlarni deklaratsiya qilish mexanizmlarini samarali joriy etish, hisobdorlik va investorlarning ishonchini oshiradi.
“Raqobat siyosatini yanada kuchaytirish, sanoat regulyatorlarining samarali ishlashini ta’minlash va JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash bozor samaradorligini oshirish va eksportni diversifikatsiyalashga yordam beradi”, — deyiladi XVJ hisobotida.



