Albaniya Prezidenti Bayram Begay O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Albaniya rahbariga uning rafiqasi Armand Begay va O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov hamrohlik qildi.
Mehmonlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. U majmuaning konsepsiyasi, eksponatlari, ilmiy va ta’lim faoliyati hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish rejalari haqida so‘zlab berdi.
Bayram Begay Islom sivilizatsiyasi markazining me’moriy ko‘rinishi va asosiy ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Albaniya prezidenti ushbu ko‘lamdagi madaniy-ma’rifiy majmuani ilk bor ko‘rayotganini ta’kidladi. Ko‘rik “Buyuk shaxslar galereyasi”dan boshlandi. Albaniya delegatsiyasi uchun interaktiv panellar, multimedia texnologiyalari hamda ma’lumotlarni bir necha tilda olish imkoniyati alohida qiziqish uyg‘otdi.
Mehmonlar hozirgi O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar haqidagi ekspozitsiyalar bilan ham tanishdilar. Ularda qadimiy davlatchilik, Baqtriya va So‘g‘d sivilizatsiyalari, Kampirtepa arxeologik yodgorligi hamda mintaqaning tarixida Buyuk ipak yo‘lining roli haqidagi materiallar namoyish etildi.
Birinchi va Ikkinchi Renessansga bag‘ishlangan bo‘limlarda delegatsiyaga Magoki Attori masjidi, Saljuqiylar davriga oid zeb-ziynat namunalari, Amir Temur davridagi shaxmat donalari, miniatyuralar, Sohibqiron haqidagi Yevropa manbalari hamda Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining modeli taqdim etildi.
Mehmonlar e’tiborini Ka’baning muqaddas qoplamasi — kisva namunalari, noyob qo‘lyozmalar, kalligrafik asarlar hamda Qur’oni Karim oyatlari bitilgan tarixiy kiyimlar tortdi.
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurish men uchun katta mamnuniyat bo‘ldi. Prezidentingizning uzoqni ko‘zlagan tashabbusi va qarashlari natijasida barpo etilgan ushbu muhtasham markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo uchun bebaho xazinadir. Bu yerga ko‘plab mehmonlar va sayyohlar tashrif buyuradi. Eng muhimi, yosh avlod shu yerda mamlakatingizning boy tarixi va sivilizatsion merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi» — dedi Albaniya Prezidenti.
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida Albaniya prezidenti ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, forumda ishtirok etish uning uchun muhim tajriba bo‘lgan, shuningdek, ushbu maydon yangi hamkorlarni topish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida mehmonlar «Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans poydevori» ekspozitsiyasi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zamonaviy shaharsozlik loyihalari bilan ham tanishdi.
Qur’oni karim zalida namoyish etilgan mepping-shou, nodir qo‘lyozmalar va hazrati Usmon mus'hafi tarixi haqidagi ma’lumotlar mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tashrif yakunida Firdavs Abduxalikov O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat olimlari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash hamda alban tadqiqotchilarini Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga jalb etish rejalari haqida gapirib berdi.
Bayram Begay bu tashabbuslarni yuqori baholab, Markaz faoliyati O‘zbekistonning boy tarixi va sivilizatsion merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



