O‘zbekistonda qo‘l mehnatini 30% gacha kamaytirish uchun 800 ta paxta terish mashinasi sotib olinadi

kun.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston hukumati avtomatlashtirilgan paxta terish ulushini kamida 70% ga oshirishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda, mamlakat 2026 yili 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6000 ta seyalka, traktor va kombayn sotib oladi. Yil davomida jami 10 000 ta texnika sotib olinadi, bu esa umumiy parkni 292 000 taga yetkazadi. Rasmiylar bu ulkan rejalar haqida prezident Shavkat Mirziyoyevga qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda ma'lum qilishdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tegishli idoralar vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sohada mexanizatsiya darajasi hozirda 81% ni tashkil etadi. Xususan, so‘nggi yillarda 1756 ta paxta terish mashinasi sotib olindi, mashinada terish darajasi 52% ga yetdi. O‘tgan yili ushbu usul yordamida 2,1 million tonna paxta yig‘ib olindi. Natijada qo‘l mehnati ulushi 1,8 baravar kamaydi.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi byudjet hisobidan qoplab beriladi.

Yig‘ilishda mamlakatda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani ta'kidlandi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga oshirish lozim. Xususan, 2026 yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028 yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30-35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60-65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Umuman, joriy yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard so‘m (54,3 million dollar) subsidiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, davlat rahbariga Toshkent traktor zavodi faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etildi. Biroq, Mirziyoyev matbuot xizmati bu borada tafsilotlarni keltirmagan.

Banklarning fermerlar bilan ishlashiga, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga alohida e'tibor qaratildi. Ta'kidlanishicha, Agrobank 2025 yilda qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun 1,6 trillion so‘m (131,6 million dollar) miqdorida kredit ajratgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 3,9 trillion so‘m (321 million dollar) gacha oshadi. Bundan tashqari, kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqartiriladi.

Shuningdek, mijozlarga kompleks qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, o‘quv kurslari haqida ma'lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, bankning chorvachilik va mevachilikda, suvni sarfini «aqlli» boshqarishda sun'iy intellektdan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 milliard so‘mlik (8,2 million dollar) yangi venchur kompaniyasini ta'sis etish borasidagi rejalari ham ko‘rib chiqildi.

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor

  • Toshkentda O‘zbekiston gerbini yaratgan rassom Anvar Mamajonovning grafik asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

  • Toshkentda Chori Shamsning «Turkiy xalqlarning xayoliy mavjudotlari» ko‘rgazmasi ochildi