Rus pravoslav cherkovining sobiq ruhoniysi Iakov Vorontsov Olmaotada «giyohvand moddalar iste'mol qilish uchun joy tashkil qilish»da ayblanib hibsga olindi. Bu haqda Masa Media nashriga shahar politsiya deportamenti xabar bergan.
«1986 yilda tug‘ilgan erkak gumon qilinib hibsga olindi. Tintuv paytida kukun shaklidagi moddalar musodara qilindi. Tibbiy tekshiruvlar ular giyohvand moddalar sifatida iste'mol qilinganini tasdiqladi», — dedi politsiya va tergov davom etayotgani va «bunga daxldor barcha shaxslar va noqonuniy faoliyat holatlari aniqlanayotganini» qo‘shimcha qildi.
Iakov Vorontsov — Rus pravoslav cherkovining Ostona va Olmaota yeparxiyasining sobiq iyeromoni. U 2023 yili Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi va Rus pravoslav cherkovi rahbariyatini tanqid qilganidan so‘ng keng ommaga tanilgan. Keyinchalik u diniy unvoni va lavozimidan chetlashtirilgan. Unga shuningdek, nafratni qo‘zg‘atish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan, ammo dalillar yetarli bo‘lmagani sababli tergov to‘xtatilgan.
So‘nggi yillarda Vorontsov Qozog‘istonda Moskva Patriarxatiga bo‘ysunmaydigan pravoslav cherkovini tashkil etishga urinmoqda. U ikki marta Adliya vazirligiga diniy birlashmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qilgan, ammo ikkala safar ham rad javobini olgan. Kuni-kecha u bu qarorga qarshi sudga shikoyat arizasi kiritgani ma'lum bo‘lgan.
UPD: Olmaotadagi ma'muriy sud Yakov Vorontsovni 10 kunlik qamoq jazosiga hukm qildi. U Ma'muriy huquqbuzarliklar kodeksining 440-1-moddasi bo‘yicha giyohvand va psixotrop moddalarni tibbiy maqsadlarda ishlatmaganlikda aybdor deb topilgan. Bu haqda uning advokati Galim Nurpeisov «Vlast» nashriga ma'lum qildi.



