Qozog‘istondagi konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatning amaldagi asosiy qonuni yoki uning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev yutuqlarining ahamiyatini inkor etmaydi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kengaytirilgan hukumat yig‘ilishida ma'lum qildi, deb xabar beradi Oqo‘rda.
«Hech kim mamlakatimizning so‘nggi 30 yil ichida erishgan barcha yutuqlarida katta rol o‘ynagan amaldagi Konstitutsiyaning ahamiyatini inkor etishga jazm qilolmaydi. Bunda birinchi prezident Nursulton Abishevich Nazarboyevning katta hissasi bor. Biroq, shuni hisobga olish kerakki, u mamlakatimiz endigina oyoqqa turgan paytda qabul qilingan va mustaqilligimizning dastlabki qiyin yillarini o‘zida mujassam etgan», — deb ta'kidladi davlat rahbari.
To‘qayev Qozog‘iston so‘nggi yillarda «milliy o‘ziga xoslikka ta'sir ko‘rsatgan va hatto chuqur silkinishlarga sabab bo‘lgan» muhim o‘zgarishlarni boshdan kechirganini ta'kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yangi Konstitutsiya qabul qilish bilan Qozog‘iston maqsadlari, qadriyatlari va tamoyillarini aktuallashtirish lozim.
Prezident raisligida kengaytirilgan hukumat yig‘ilishi yiliga bir marta o‘tkaziladi va uning Vazirlar Mahkamasi bilan ishlashi uchun an'anaviy formatga aylangan.
31 yanvar kuni Qozog‘istonda referendumga taqdim etilishi rejalashtirilgan yangi Konstitutsiya loyihasi e'lon qilindi. Ushbu hujjat maxsus tuzilgan komissiya yig‘ilishlarida muhokama qilinmoqda. Yangi Konstitutsiya bir palatali parlamentga o‘tishni, vitse-prezident lavozimini joriy etishni, maslahat organlarini isloh qilishni va boshqa o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Qozog‘istonning amaldagi Konstitutsiyasi 1995 yili qabul qilingan.



