Rossiyadan Qozog‘istonga yotqiziladigan yangi gaz quvurining ishga tushirilishi sanasi ma'lum bo‘ldi

Dauren Abayev. gov.kz sayti fotosurati

Qozog‘istonning shimoliy hududlarini ta'minlash uchun mo‘ljallangan «Ishim-Ostona» magistral gaz quvuri 2030 yil 1 yanvarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Qozog‘istonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Dauren Abayev «Komsomolskaya pravda» nashriga bergan intervьyusida ma'lum qildi.

U e'lon qilingan muddatlar «dastavval» ekaniga aniqlik kiritdi.

«Gazprom» va Qozog‘iston 2025 yil oktyabr oyida respublikaga yangi gaz quvurini yotqizish bo‘yicha memorandum imzolagan. Rasmiy marosim XIV Peterburg xalqaro gaz forumida bo‘lib o‘tdi.

Bundan bir necha oy oldin Rossiya hukumati saytida Qozog‘istonning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarini yoqilg‘i bilan ta'minlash uchun magistral gaz quvurini qurish bo‘yicha buyruq e'lon qilingan edi. Unda quvur quvvati 10 milliard kub metr, kompressor stantsiyalari esa 50 MVt quvvatga ega bo‘lishi aytilgandi.

Qozog‘istonga gaz G‘arbiy Sibirdagi konlardan yetkazib berilishi kutilmoqda.

Dastlabki variantlardan biriga ko‘ra, quvur Rossiyadan Qozog‘iston shimoli-sharqidan o‘tib, Xitoygacha cho‘ziladi. Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, ushbu loyiha bo‘yicha muhokamalar davom etmoqda. Biroq, ekspertlar «Gazprom» va Xitoyning CNPC kompaniyasi o‘rtasida «Sila Sibiri-2» qurilishi va Mo‘g‘uliston orqali tranzit gaz quvuri yotqizilishi bo‘yicha qonuniy kuchga ega bo‘lgan memorandum imzolaganidan so‘ng, mazkur loyihaning amalga oshirilishini shubha ostiga oldilar.