«Shal, ket!» shiori muallifi Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasiga oid postlari uchun hibsga olindi

Yermek Narimbay. KazTAG sayti fotosurati

Ostona sudi siyosiy faol Yermek Narimbayni Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasiga oid ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun ikki oyga hibsga oldi. Bu haqda uning advokati Vasiliy Sadiqov Vlastь.kz nashriga xabar berdi.

«Kecha u ikki oyga, 3 aprelgacha hibsga olindi. Unga [Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining] 430-moddasi — hukmni bajarmaslik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan», — deydi advokat. Ushbu moddaga ko‘ra, faol erkinlikni cheklash yoki qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Sadiqovning so‘zlariga ko‘ra, ayblov Narimbayning konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirgani bilan bog‘liq bo‘lgan. Sud ilgari unga «jamoat, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanishni» taqiqlagan edi.

«Aynan shu sababli. Unga taqiq qo‘yilgandi. Ammo uni Bishkekda hibsga olishdi, so‘ng Qozog‘istonga olib kelishdi», — dedi advokat.

Nomi tilga olingan postlar faolning Facebook (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) dagi sahifasida mavjud. Unda, jumladan, parlament saylovlarida majoritar tizimning bekor qilinishi «parlamentni Oqo‘rda uchun noqulay bo‘lgan shaxslardan tozalaydi» va taklif qilingan islohotlar «nazorat ostidagi tizimni saqlab qoladi» deyilgan.

Narimbay bir kun oldin Qirg‘izistonda hibsga olingan, u bu yerda mehmonda bo‘lgan. Jurnalist Luqpan Ahmedyarovning so‘zlariga ko‘ra, faol sud qarorisiz Qozog‘istonga deportatsiya qilingan.

Yermek Narimbay «Shal, ket!» va «Nazarbayev ket!» shiorlari muallifidir. U Qozog‘iston banklari mijozlari huquqlarining faol himoyachisi sifatida ko‘proq tanilgan. 2016 yili Narimbay «Ko‘chadagi shamol» kitobidan parcha chop etganidan so‘ng odamlar orasida ixtilof uyg‘otishda ayblangan. Faol uch yillik ozodlik chekloviga hukm qilingan, biroq u Qozog‘istonni tark etib, Ukrainaga ko‘chib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. 2022 yil fevral oyida, yanvar voqealaridan so‘ng Narimbay vataniga qaytganida probatsiya nazoratini buzgani uchun tergov izolyatoriga jo‘natilgan. U 2023 yili ozod etilgan.