Leningrad viloyati Lomonosovskiy tuman sudi ikki qozog‘istonlik fuqaroni qo‘poruvchilik harakatida gumon qilib hibsga oldi, deb xabar berdi Rossiyaning ushbu mintaqasi sudlarining qo‘shma matbuot xizmati 3 fevral kuni.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, 2006 yilda tug‘ilgan va Sankt-Peterburgda yashovchi Tarazlik ikki kishi «kuratorlari» sko‘rsatmasi bilan Leningrad viloyati Lomonosovskiy tumanida uyali aloqa operatorining bazaviy stantsiyasi taqsimot uskunasini yoqib yuborishgan. Ular jinoyatni og‘ir moliyaviy ahvolda ekani va qonuniy daromad manbai yo‘qligi sababli sodir etishganini aytishgan. Ularga o‘t qo‘yish uchun 40 000 rubl miqdorida mukofot va'da qilingan.
Jinoyatchilar taksida qochishga urinayotganda o‘t qo‘yilgan joy yaqinida hibsga olingan. Ular bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan diversiya uchun o‘n ikki yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin (RF Jinoyat kodeksining 281-moddasi 2-qismining «a» bandi).
Qozog‘iston fuqarolari avvallari ham Rossiyada ushbu modda bo‘yicha sudlangan. 2024 yil iyul oyida Moskva shahar sudi Qozog‘iston fuqarolari Aleksandr Abram va Eduard Burdilovni temir yo‘lda sodir etgan qo‘poruvchilik harakati uchun 13 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Xabarlarga ko‘ra, ular 30 ming rubl miqdorida mukofot evaziga Moskvadagi Varshavskoye shosse yaqinidagi temir yo‘lida rele shkaflarini yoqib yuborishgan.



