O‘zbek rejissyori Ali Hamrayev Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yaratilgan «O‘zbekistonning tirik tarixi» qisqa metrajli filmlar turkumiga o‘zining ekspert bahosini berdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Hamrayevning so‘zlariga ko‘ra, tayyor filmlarni ko‘rib chiqish va mualliflarga tarixiy tafsilotlarni aniqlashtirishdan tortib, ovozli yozuv va musiqiy partitura intonatsiyasigacha bo‘lgan tavsiyalar berish uchun ekspertlar guruhi tuzilgan.
Hamrayev ijodkorlar sun'iy intellekt texnologiyalaridan faol foydalanishganini, ammo vizual elementlar jonli kadrlar — peyzajlar, tabiat tovushlari, xronika va ifodali musiqa bilan to‘ldirilishi kerakligini ta'kidladi. Eng muvaffaqiyatli asarlar qatorida u Amir Temur va sug‘orish ishlarining rivojlanishiga oid filmlarni, shuningdek, mintaqaning birinchi agronomlari va XX asr boshlarida ko‘pchiligi qatag‘on qilingan jadidlar haqidagi filmlarni alohida qayd etdi.
U, ayniqsa, Amir Temur, Ulug‘bek, Bobur, Ibn Sino, Xorazmiy, Imom Buxoriy, Termiziy va Al-Farg‘oniyning asl portretlari yo‘qligiga qaramay, ularning vizual rekonstruktsiyalarini yaratgan rassomlarning ishiga yuqori baho berdi.
«Markaz xorijda — Eron, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Ispaniya va AQShda keng ko‘lamli tadqiqotlar olib bormoqda. U yerda qo‘lyozmalar, miniatyuralar va ilmiy asarlar topilgan, ularning ba'zilari yo‘qolgan va hozirda nusxalarda qayta tiklanmoqda. Bularning barchasi filьmlarda aks ettirilmoqda va o‘nlab, ehtimol yuzlab nomlar madaniy xotiraga muhrlanmoqda», — dedi Hamrayev.
Rejissyor «O‘zbekistonning tirik tarixi» turkumi istiqboliga ishonch bildirdi va Islom sivilizatsiyasi markazining o‘zi haqida to‘liq metrajli hujjatli film yaratishni taklif qildi, zero uning fikricha, Markaz — mamlakatning madaniy tashrif qog‘ozlaridan biriga aylanib ulgurdi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me'moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur'oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta'lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma'rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan. Markazning ochilishi 2026 yil bahoriga rejalashtirilgan.



