Qozog‘iston Transport vazirligi Aktau yaqinida Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyotining halokatga uchrashiga oid o‘tkazilgan tekshiruvlarning oraliq hisobotini e’lon qildi. Xabarga ko‘ra, samolyot jangovar kallak komponentlari tomonidan shikastlangan deb taxmin qilinmoqda. Biroq, ularning kelib chiqishini aniqlashning iloji bo‘lmagan.
Samolyotning gidravlik tizim liniyasini bir qismi to‘liq shikastlangan, bu «temir metall qotishmasidan (po‘lat asosida) yasalgan metall parchalari (tashqi obyektlar) tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin», deyiladi hisobotda. Shuningdek, mutaxassislar tekshirilgan begona metall buyumlarda portlovchi moddalar izlari topilmaganini ta’kidlashgan.
Tekshiruvlar hali yakunlanmagan — bu hisobot yakuniy emas. Bugungi kunga qadar mutaxassislar ekipaj, parvoz, ob-havo, havo harakatini boshqarish dispetcherlari va samolyotning texnik holati haqidagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqqanlar. Ular ikkala «qora qutini» ham to‘liq o‘rganishgan — birida parvoz ma’lumotlari, ikkinchisida kabinadagi suhbatlar qayd etilgan. Tergovchilar halokat joyini sinchkovlik bilan tekshirganlar, samolyot qoldiqlari joylashgan joyni rasmiylashtirib, ularni qo‘shimcha o‘rganish uchun olib ketishgan.
Mutaxassislar shuningdek, samolyot bortidagi texnik xizmat ko‘rsatish kompyuteridan ma’lumotlarni o‘qishga harakat qilishgan. Biroq, termik ta’sir tufayli Markaziy texnik xizmat ko‘rsatish kompyuterining kassetasidan ma’lumotlarni chiqarib olishning imkoni bo‘lmagan. Ma’lumotlarni olish uchun Amerika xotira kartalari ishlab chiqaruvchisi Delkin Devices Inc. bilan bog‘lanish tavsiya qilingan. Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston tomoni hozirda Amerika kompaniyasi zavodida tahlil o‘tkazish uchun AQSH vakili bilan muzokaralar olib bormoqda.
Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti 25 dekabr kuni halokatga uchragan. Samolyot Bokudan Grozniyga yo‘l olgan, ammo xabarlarga ko‘ra, Checheniston poytaxtiga qo‘na olmagan. Samolyot falokat signalini yuborganidan so‘ng, orqaga burilib, Qozog‘istonning Aktau shahri tomon uchib ketgan. Samolyot aeroportdan 3 kilometr uzoqlikda halokatga uchragan. Natijada samolyot bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan. Ular orasida Ozarbayjon, Qozog‘iston va Rossiya fuqarolari bor bo‘lgan.
Avariyadan so‘ng, uning sababi haqida turli xil versiyalar ilgari surildi, jumladan, qush urilishidan tortib, samolyotga berilgan tashqi ta’sirgacha. Dekabr oyi oxirida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Moskva halokat sababini yashirishga urinayotganini aytgandi. U samolyot elektron urush vositalari yordamida ishdan chiqarilganini va yerdan o‘qqa tutish oqibatida (bu payt Grozniyda Ukraina dronlariga qarshi hujum uyushtirilgan bo‘lgan) havo kemasining quyruq qismiga jiddiy zarar yetkazilganini ta’kidlagandi.
Qozog‘iston Transport vazirligi qoshida halokatni tekshirish uchun komissiya tuzildi. Tergovga Ozarbayjon, Rossiya va samolyot ishlab chiqaruvchi Embraer mutaxassislari jalb qilindi.
2025 yil fevral oyida Qozog‘iston Transport vazirligi tekshiruvlar bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi. Hisobotda halokat sababi bo‘yicha hech qanday aniq xulosalar berilmagan. Hisobotda kema korpusida teshiklar, shuningdek, begona metall buyumlari topilgani va ular ekspertizaga yuborilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.



