Qozog‘iston va AQSH 17 milliard dollarlik kelishuvlarni imzoladi

Qozog‘iston TIV matbuot xizmati fotosurati

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati 7 noyabr kuni xabar berishicha, Qozog‘iston va AQSH prezident Qosim-Jomart To‘qayevning Vashingtonga tashrifidan so‘ng umumiy qiymati taxminan 17 milliard dollar bo‘lgan 29 ta kelishuvni imzoladi.

Vazirlik ta’kidlashicha, imzolangan hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab berdi. Tashrifning asosiy natijalaridan biri Amerika muhandislik kompaniyasi «John Deere» bilan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha 2,5 milliard dollarlik kelishuv bo‘ldi. Kelishuv Qo‘stanay va Turkistonda kamida 3000 dona John Deere qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, u uchta xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish va Qozog‘istonda MDH mamlakatlariga ehtiyot qismlar yetkazib berish uchun mintaqaviy markazni shakllantirishni nazarda tutadi.

Konchilik sohasida Qozog‘istonning «Tau-Ken Samruk» va AQSHda joylashgan «Cove Capital» kompaniyalari Qarag‘anda viloyatidagi Shimoliy Katpar va Yuqori Qayraqti konlarini birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha 1,1 milliard dollarlik kelishuvni imzoladilar. Bular dunyodagi eng yirik o‘zlashtirilmagan volfram konlari qatoriga kiradi.

Aviatsiya sohasida milliy aviakompaniya «Air Astana» va «Boeing» 18 ta yangi keng fyuzelyajli «Boeing 787-9 Dreamliner» samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha niyat bitimini imzoladilar.

«Beeline Kazaxstan» Starlink «Direct to Cell» mobil aloqa xizmati bilan butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, yer usti tarmoqlari bilan qamrab olinmagan chekka hududlarni sun’iy yo‘ldosh aloqasi bilan ta’minlaydigan hamkorlik bitimini imzoladi.

Intelektual mobillik va toza texnologiyalar sohasida Qozog‘iston «BETA Technologies» va «Joby Aero Inc.» bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzoladi. Loyihalar qatoriga elektr aviatsiyasi, havo taksilari va aqlli transport tizimlarini rivojlantirish kiradi.

Moliyaviy va investitsiya sohasida «Qozog‘iston Milliy bankining Milliy investitsiya korporatsiyasi» AJ yirik global fondlar — «Brookfield Asset Management», «Cerberus Capital Management» va «Ashmore Investment Advisors Corporation» bilan taxminan 1 milliard dollarlik uchta shartnoma imzoladi. Shartnomalar infratuzilma, xususiy kapital bozorlarini rivojlantirishga qaratilgan. Qozog‘iston Milliy banki va «Visa» shuningdek, raqamli to‘lovlar, kiberxavfsizlik va kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik memorandumini imzoladilar, bu «Milliy to‘lov kartalari» AJda vakolat markazini yaratishni o‘z ichiga oladi.

Ta’lim va fan sohasida «Arizona State University», «Colorado School of Mines», «Coursera», «OpenAI», «Freedom Group Inc.» va boshqa hamkorlar bilan umumiy qiymati taxminan 50 million dollar bo‘lgan hujjatlar imzolandi. Tashabbuslar qatoriga «Colorado School of Mines» ishtirokida Jezkazganda yangi Ulitau texnik universitetini tashkil etish, ikki darajali dasturlarni ishlab chiqish, ta’lim jarayonini raqamlashtirish va «ChatGPT Education» asosida innovatsion yechimlarni joriy etish kiradi.

Qozog‘iston Respublikasi Fan va oliy ta’lim vazirligi va «Educational Testing Service» (ETS, AQSH) xalqaro tashkiloti bilan sun’iy intellekt va moslashuvchan o‘qitish texnologiyalaridan foydalangan holda milliy test tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzoladilar.

Sanoat va tibbiyot sohalarida «Samruk-Qazina» va «Ashmore Investment Advisors» zamonaviy tibbiyot uchun mintaqaviy xabga aylanadigan Qozog‘istonning birinchi G‘arb brendidagi ko‘p tarmoqli klinikasini yaratish bo‘yicha 150 million dollarlik loyihani e’lon qilishdi.

Bundan tashqari, «1Thirty Holding» (AsiaColor) kompaniyasi «Business Council for International Understanding» (BCIU) bilan birgalikda Qo‘shma Shtatlarda vertikal integratsiyalashgan kimyoviy kompleks qurish bo‘yicha 130 million dollarlik memorandum imzoladi — bu Qozog‘istonning Qo‘shma Shtatlardagi birinchi sanoat investitsiya loyihasi.

«Umuman olganda, tashrif davomida imzolangan hujjatlar Qozog‘iston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonchni tasdiqlaydi va ikki tomonlama hamkorlikning innovatsiya, investitsiya va barqaror rivojlanishga strategik yo‘nalishini namoyish etadi», — deb ta’kidladi Qozog‘iston TIV.

Bundan oldin, Vashingtonga tashrifi chog‘ida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Amerika kompaniyalarini mamlakatda yaratilgan noyob imkoniyatlardan foydalanishga chaqirgan va investorlarni shaxsan qo‘llab-quvvatlashiga ishontirgan edi. Bu Qozog‘iston rahbarining so‘nggi ikki oy ichida Qo‘shma Shtatlarga ikkinchi tashrifi. Oldingi tashrifi davomida Qozog‘iston Amerikaning Wabtec kompaniyasi bilan lokomotivlar va temir yo‘l uskunalarini sotib olish bo‘yicha 4 milliard dollarlik «tarixda eng yirik» shartnoma tuzgan edi.