AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 150 nafardan ortiq Afg‘oniston fuqarosini deportatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular Pokistonga yuborilishi, u yerdan esa vataniga qaytarilishi rejalashtirilgan. Bu haqda The New York Times AQSH rasmiylari, advokatlar va hujjatlarga tayanib xabar berdi. Bu rejalar qonun chiqaruvchilar va inson huquqlari tashkilotlarining tanqidiga sabab bo‘lgan.
Demokrat senatorlar Kris Kuns va Jin Shahin rejalashtirilayotgan deportatsiyaga qarshi chiqdi, deb xabar berdi 31 oktyabr kuni KabulNow nashri. Kuns «Tolibon» hokimiyati ixtiyoriga qaytarilgan odamlar ta’qib va qiynoqlarga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shahin esa deportatsiya ayollar, bolalar va AQSH harbiylariga yordam bergan afg‘onistonliklarga ham taalluqli bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, Kongressni ushbu rejalarga to‘sqinlik qilishga chaqirdi.
The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, ushlangan afg‘onistonliklar mamlakatning turli hududlaridan Luiziana shtatidagi immigratsiya markazlariga olib kelinmoqda. Deportatsiya xavfi ostida qolganlar orasida AQSHning sobiq afg‘on ittifoqchilari qarindoshlari va jinsiy oriyentatsiyasi sababli ta’qib qilinishdan xavotirda bo‘lgan kamida bir nafar erkak bor. Guruhga turli migratsiya maqomiga ega odamlar, ayrim sudlangan kimsalar ham bor. Ushlanganlarning bir qismi advokatlari deportatsiya qarorlari ustidan shikoyat qilmoqda.
Associated Press agentligi sud hujjatlarini qo‘lga kiritgan. Ulardan birida AQSH Immigratsiya va bojxona politsiyasining (ICE) yuqori lavozimli xodimi afg‘onistonlik fuqaroni Luiziana shtati Aleksandriya shahridan Pokistonga, «keyinchalik Afg‘onistonga olib borish» uchun charter reys yo‘lovchilari ro‘yxatiga kiritilganini tasdiqlagan.
Deportatsiyaning aniq muddatlari rasman tasdiqlanmagan. The New York Times birinchi reys 2 noyabr kuniyoq amalga oshirilishi mumkinligi haqida xabar bergan. Biroq, deportatsiya reyslarini kuzatib boruvchi Human Rights First tashkiloti Associated Press agentligiga parvoz 3 noyabrga rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
Reuters xabar berishicha, AQSH rasmiysi Pokiston orqali amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan deportatsiyani tasdiqlagan. Vashington «Tolibon» hukumati bilan diplomatik munosabatlarga ega emas, bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri deportatsiyalarni tashkil etishni qiyinlashtiradi. AQSH Milliy xavfsizlik vazirligi bo‘lajak operatsiyalarni tasdiqlashdan bosh tortgan va buni ularning xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan izohlagan.
Global Refuge tashkiloti ushbu rejalarni to‘xtatish yoki qayta ko‘rib chiqishga chaqiradi. Tashkilot deportatsiya qilinishi rejalashtirilganlar orasida Afg‘onistonga qaytarilishga qarshi sudga ariza bergan shaxslar bor-yo‘qligini tekshirishni hamda ularning shikoyatlari ko‘rib chiqilgunga qadar kutishni talab qilgan.



