O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi ilk bor mediana ish haqi ko‘rsatkichini e’lon qildi — u qariyb 4,2 million so‘mni tashkil etdi

uznews.uz sayti fotosurati

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekiston bo‘yicha mediana ish haqi qariyb 4,2 mln so‘mni ($351) tashkil etdi. Bu haqda respublika Milliy statistika qo‘mitasining matbuot relizida so‘z yuritiladi.

Mediana ish haqi — barcha xodimlarni teng ikki guruhga ajratadigan ish haqi darajasi: xodimlarning yarmi ushbu ko‘rsatkichdan kam, qolgan yarmi esa ko‘proq maosh oladi. Qo‘mita ma’lum qilishicha, mediana ish haqi ko‘rsatkichlari fermer xo‘jaliklari va kichik biznes subyektlarini hisobga olmagan holda hisoblangan. Shu bilan birga, matbuot relizining boshqa bo‘limlaridagi kabi uch choraklik emas, balki 2026 yilning sakkiz oyi uchun ma’lumotlardan foydalanilgan. Chunki jismoniy shaxslarning sentyabr oyidagi daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hali to‘liq shakllantirilmagan.

Mamlakat hududlari bo‘yicha mediana ish haqini ko‘rib chiqilsa, birinchi o‘rinda Toshkent shahri turadi — qariyb 6,8 mln so‘m ($569). Keyingi o‘rinlarda Navoiy va Toshkent viloyatlari — mos ravishda 6,2 mln ($519) va 4,3 mln so‘m ($360).

O‘zbekistonning boshqa barcha hududlarida mediana ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Eng kam ko‘rsatkichlar Sirdaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida qayd etilgan — qariyb 3 mln so‘m ($251).

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich bank va sug‘urta sohasi xodimlariga to‘g‘ri keladi: ularning mediana ish haqi 11,3 mln so‘mdan ($946) oshadi. «Axborot va aloqa» hamda «Tashish va saqlash» sohalari vakillari ham yaxshi daromad oladi — mos ravishda 8,7 mln ($728) va 8,3 mln so‘m ($695). Sanoat va savdo sohalarida ishlovchilarning maoshi mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz yuqori, qurilish sohasida esa biroz past. Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari xodimlarini ham o‘z ichiga olgan boshqa guruhlardagi ish haqi O‘zbekiston bo‘yicha mediana ko‘rsatkichdan past.

Shu bilan birga, Statistika qo‘mitasi oylik nominal ish haqi bo‘yicha an’anaviy ma’lumotlarni ham keltirgan. Bu ko‘rsatkichlar birinchi uch chorak, ya’ni yanvardan sentyabrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.

Ushbu davrda soliqlar ushlanishidan oldingi o‘rtacha ish haqi qariyb 7,3 mln so‘mni ($611) tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davrida qayd etilgan ko‘rsatkichdan 18 foizga yuqori.

Eng yuqori daromad Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi — o‘rtacha 12,3 mln so‘m ($1030). Odatdagidek, eng yuqori ko‘rsatkichga ega uchlikdan Navoiy va Toshkent viloyatlari ham joy olgan: mos ravishda 8,8 mln ($737) va 6,9 mln so‘m ($578). Eng past ko‘rsatkichlar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan — hisoblangan ish haqi 5 mln so‘mga ($418) ham yetmaydi.

Kasblar kesimidagi statistikada ham bank va sug‘urta sohasi vakillari katta farq bilan birinchi o‘rinda: ularning ish haqi 19,7 mln so‘m ($1650) darajasida. «Axborot va aloqa» sohasi 17 mln so‘m ($1423) bilan ikkinchi, «Tashish va saqlash» sohasi esa qariyb 11,3 mln so‘m ($946) bilan uchinchi o‘rinda.

Ish haqi eng past sohalar qatorida sog‘liqni saqlash va ta’lim xodimlari bor: ularning maoshi mos ravishda 4,4 mln ($368) va 5 mln so‘mni ($418) tashkil etadi.

▪️ Mediana ish haqi va o‘rtacha oylik nominal ish haqi hisoblash usuli jihatidan tubdan farq qiladi. Bu farqni misol orqali tushuntirish osonroq. Aytaylik, bir tashkilotda besh kishi ishlaydi: ulardan ikki nafari 1 mln so‘mdan, yana biri 2,5 mln so‘m, boshqasi 5 mln so‘m, direktor esa 10 mln so‘m maosh oladi.

O‘rtacha oylik nominal ish haqi barcha xodimlarning maoshlari yig‘indisini ularning soniga bo‘lish orqali hisoblanadi: (1 mln + 1 mln + 2,5 mln + 5 mln + 10 mln) / 5 = 3,9 mln so‘m. Demak, o‘rtacha oylik hisoblangan nominal ish haqi 3,9 mln so‘mni tashkil etadi.

Mediana ish haqi esa xodimlarning yarmi pastroq, yarmi yuqoriroq maosh oladigan tarzda aniqlanadi. Keltirilgan misolda mediana 2,5 mln so‘mni tashkil qiladi.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu ko‘rsatkich «adolatliroq», chunki u rahbarlar va yuqori bo‘g‘in menejerlariga xos bo‘lgan oz sonli shaxslarning o‘ta yuqori daromadlarini hisobga olmaydi.