To‘qayev Qozog‘istonda AESlarni 100 yil uran bilan ta’minlash uchun strategik uran zaxirasini yaratishni taklif qildi

t.me/aqorda_resmi fotosurati

Qozog‘istonda davlatning strategik uran zaxirasini yaratish zarur. Bu haqda respublika prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 28 oktyabr kuni xalqqa yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

«Qozog‘iston atom elektr stansiyalarining yaqin yuz yillik ehtiyojlarini qondirish imkonini beradigan davlat strategik uran zaxirasini yaratish taklifini jiddiy ko‘rib chiqish kerak, deb hisoblayman», — dedi u.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, atom elektr stansiyalarini qurishda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlarni Qozog‘istonda yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yadro energetikasi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni o‘tkazish, shuningdek, mahalliy atom energetikasi mutaxassislarini tayyorlash jarayoniga jalb etish zarur. Prezident ta’kidlashicha, bunday takliflar Rossiya va Xitoy kompaniyalaridan kelib tushmoqda.

Qozog‘iston uran qazib olish bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallaydi va jahondagi uran qazib olish hajmining qariyb 40 foizini ta’minlaydi. Mamlakat zaminida jahonda razvedka qilingan uran zaxiralarining 14 foizi jamlangan. Qozog‘istonda tayyor yadro yoqilg‘isi ham ishlab chiqariladi. Avvalroq Energetika vazirligi atom elektr stansiyalarining qurilishi mamlakatga elektr energiyasiga bo‘lgan ichki ehtiyojni qondirish uchun o‘z uran zaxiralaridan foydalanish imkonini berishini ma’lum qilgan edi.

Qozog‘iston bir nechta atom elektr stansiyasini qurishni rejalashtirmoqda. Birinchi AES — «Balxash» — Olmaota viloyatining Ulken qishlog‘ida joylashtiriladi. Stansiya qurilishi bo‘yicha xalqaro konsorsiumga Rossiyaning «Rosatom» kompaniyasi rahbarlik qilishi belgilangan. 3 sentyabr kuni Qozog‘iston ushbu kompaniyaning sho‘ba korxonasi «Atomstroyeksport» bilan AESni loyihalashtirish, uskunalar yetkazib berish va qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha qiymati taxminan 16,4 milliard dollarga baholanmoqda.

Ikkinchi atom elektr stansiyasi uchun ham mamlakat janubidagi hudud tanlangan. Ishchi nomi «Moyinkum» bo‘lgan ushbu stansiya Olmaota viloyatining Jambil tumanida qurilishi rejalashtirilmoqda. Loyihaning ustuvor pudratchisi sifatida Xitoyning CNC kompaniyasi ko‘rib chiqilmoqda. Quvvati kichik va o‘rta bo‘lgan reaktorlarga ega uchinchi stansiyani joylashtirish uchun esa G‘arbiy Qozog‘istondagi Kaspiy dengizi sohili ko‘rib chiqilmoqda.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, birinchi AES qurilishi 2027 yildayoq boshlanishi mumkin.

«Menimcha, kelgusi yilning o‘zida “Balxash” AESi qurilishini boshlash va “Moyinkum” AESi qurilishini imkon qadar tezroq boshlash maqsadida kompleks hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash mumkin va, ehtimol, zarur hamdir», — dedi prezident bugungi murojaatida.