O‘zbekiston fuqarolarining Misrga kirishi bo‘yicha yangi qoidalar, jumladan, vizani oldindan rasmiylashtirish, mehmonxonani bron qilish va yonida ma’lum miqdorda naqd valyuta olib yurish talablari 1 noyabrdan emas, balki 2027 yil 1 martdan kuchga kiradi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik ta’kidlashicha, tegishli kelishuv O‘zbekiston TIV, mamlakatning Qohiradagi elchixonasi xodimlari hamda Misr rasmiylari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan. Uchrashuv yakunida piramidalar mamlakatiga kirish qoidalarini qat’iylashtirishni kelasi yil mart oyigacha kechiktirishga qaror qilingan.
Ushbu muddatga qadar o‘zbekistonliklar Misrga amaldagi tartib bo‘yicha borishlari mumkin. Unga ko‘ra, Sinay yarimoroliga, jumladan, mashhur Sharm-ash-Shayx kurortiga charter reysi bilan uchib borganlar uchun 14 kechagacha vizasiz rejim amal qiladi.
Shu bilan birga, TIV xorijiy hamkorlar bilan mamlakat fuqarolarining chet elga safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish, vizasiz rejimlarni joriy etish va kirish tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.
Diplomatiya idorasi, shuningdek, vatandoshlarni boshqa davlatlarga safar qilganda mahalliy qonunchilik va belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishga, viza va migratsiya talablarini bajarishga, shuningdek, borilgan mamlakatning milliy qadriyatlari, an’analari va jamoat tartibini hurmat qilishga chaqiradi.
Avvalroq xabar qilinganidek, Misr 2026 yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun kirish qoidalarini qat’iylashtirishni rejalashtirgan edi. Yangi talablarga ko‘ra, sayyohlar Afrika davlatiga qayerdan kirishidan qat’i nazar, vizalarni diplomatik vakolatxonalar orqali oldindan rasmiylashtirishlari kerak edi. Bunda safarlar faqat vakolatli turoperatorlar orqali tashkil etilishi belgilangan.
Bundan tashqari, 40 yoshga to‘lmagan sayyohlar faqat yaqin oila a’zolari — ota-onasi, eri yoki xotini yoxud farzandlari hamrohligida safar qilishi mumkin edi. Oila yonida kamida 5000 dollar naqd pul bo‘lishi kerak. Mustaqil sayohat qiladigan 40 yoshdan oshgan fuqarolar esa kamida 3000 dollar naqd pul olib yurishlari shart edi.
Misrga kirishda mehmonxona bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat, mobil aloqa ma’lumotlari va yetarli moliyaviy mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi kerak.
Piramidalar mamlakatida bo‘lish davrida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirish haqidagi arizalar qabul qilinmaydi. Hujjatlarning to‘liq to‘plamini taqdim etmagan shaxslarni Misrga kiritishmasligi va ularni mamlakatga olib kelgan aviakompaniya reysi bilan ortga qaytarishlari mumkin.



