OAV: 2027 yilda O‘zbekistonda shakar importiga kvota joriy etiladi

kubanmakler.ru sayti fotosurati

2027 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda oq shakar importiga yiliga 300 ming tonna miqdorida kvota joriy etiladi. Bu haqda hukumatning yopiq qaroriga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, cheklov oziq-ovqat sanoati korxonalariga taalluqli bo‘ladi. Kvotaning umumiy hajmi uchta yo‘nalish bo‘yicha taqsimlanadi. Ichimliklar ishlab chiqaruvchilar, qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning har biriga 100 ming tonnadan kvota ajratiladi.

Kvotalar har olti oyda bir marta qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunda ichki iste’mol hajmi, ishlab chiqarish quvvatlarining yuklanish darajasi va bozordagi narxlar hisobga olinadi. Kvota hajmlari bo‘yicha takliflarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Milliy statistika qo‘mitasi bilan birgalikda tayyorlaydi.

Importchilar o‘rtasida kvotalarni elektron onlayn-auksionlar orqali taqsimlash rejalashtirilgan. Platforma 2026 yil 1 dekabrga qadar ishga tushirilishi va bojxona tizimidagi «Yagona darcha» platformasi bilan integratsiya qilinishi kerak. Savdolar natijalari ochiq e’lon qilinishi va’da qilinmoqda.

Shu bilan birga, davlat xaridlarida mahalliy shakar zavodlariga ustuvorlik beriladi. 2027 yil boshidan davlat tashkilotlari oq shakarga bo‘lgan ehtiyojini asosan mahalliy mahsulotlar hisobiga qondirishi kerak. Mahalliy zavodlar ishlab chiqargan barcha mahsulot tovar-xomashyo birjasi orqali sotiladi, tayyor shakar eksportiga esa qo‘shimcha cheklovlarsiz ruxsat beriladi.

Sohani qo‘llab-quvvatlash uchun hukumat moliyaviy va soliq choralarini ham nazarda tutgan. Mahalliy shakar ishlab chiqaruvchilarning «O‘zsanoatqurilishbank» oldidagi kreditlarini qaytarish muddati besh yilgacha uzaytiriladi, to‘lovlarni esa ikki yilgacha kechiktirish mumkin bo‘ladi.

2026 yil oxiriga qadar korxonalar 50 million dollarlik xususiy investitsiyalarni jalb qilishi kerak. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar tayyorlash topshirilgan. Ular shakar zavodlarini foyda solig‘idan ozod qilish va mol-mulk solig‘ini 2031 yilgacha 50 foizga kamaytirishni nazarda tutadi. Tejalgan mablag‘lardan faqat kreditlarni qaytarish uchun foydalanishga ruxsat beriladi.

Kvota ichki shakar ishlab chiqarish hajmi qisqarayotgan bir paytda joriy etilmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda 165,5 ming tonna shakar ishlab chiqarilgan. 2023 yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 332,6 ming tonnani tashkil etgan.

Shu bilan birga, Rossiya 2025 yilda O‘zbekistonga 417 ming tonna shakar yetkazib bergan. Bu so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi. Importning o‘sishiga 2025 yil 1 oktyabrdan oq shakarga nisbatan 20 foizlik aksiz solig‘ining bekor qilinishi ham turtki bo‘lgan. O‘zbekistonning shakarga yillik ehtiyoji 650–700 ming tonna deb baholanadi.

Joriy yil fevral oyida Misrning Nile Sugar kompaniyasi O‘zbekistonning Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va uni qayta ishlash korxonasini qurish loyihasiga 450 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani xabar qilingan edi. Korxona ishga tushirilgandan so‘ng yiliga 200 ming tonnagacha shakar ishlab chiqarishi mumkin.