YUNISЕF Afg‘oniston bolalariga yordam yetkazishda Termiz shahrini muhim markaz deb atadi

O‘zbekistonning Termiz shahridagi logistika markazi Afg‘onistondagi bolalar va oilalarga davolash uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari hamda zarur dori-darmonlarni yetkazib berishni ta’minlamoqda. Bu haqda 25 oktyabr kuni BMTning Bolalar jamg‘armasi — YUNISЕF ma’lumotlariga tayanib, Hasht-e Subh nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, jamg‘arma gumanitar yuklarni uzluksiz yetkazib berishda Termizdagi markazning ahamiyatini ta’kidlagan. Afg‘oniston bolalari orasida to‘yib ovqatlanmaslik holatlari ko‘payib borayotgan bir sharoitda davolash uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarining o‘z vaqtida yetkazilishi ayniqsa muhimdir.

Termizdagi mintaqaviy gumanitar-logistika markazi BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi tomonidan 2021 yil oktyabr oyida O‘zbekiston hukumati ko‘magida tashkil etilgan. BMT ta’kidlaganidek, markazning Afg‘oniston chegarasidan taxminan ikki kilometr masofada joylashgani yordamni oluvchilarga tezkor yetkazish imkonini beradi. Uning infratuzilmasidan BMT tizimidagi bir nechta tashkilot, jumladan, YUNISЕF va Jahon oziq-ovqat dasturi foydalanadi.

Afg‘onistonda oziqlanish bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotgan bir paytda ham yordam yetkazib berish davom etmoqda. YUNISЕF va «Ochlikka qarshi kurash» tashkiloti 15 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotida ogohlantirishicha, 2027 yilda to‘rt milliondan ortiq bola o‘ta to‘yib ovqatlanmayotganlikdan davolanishga muhtoj bo‘lishi mumkin. Bu so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Prognozlarga ko‘ra, taxminan 1,09 million bola to‘yib ovqatlanmaslikning eng og‘ir shakllariga duch keladi. Bu 2026 yil uchun berilgan bahoga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.

To‘yib ovqatlanmaslik darajasi o‘ta xavfli bo‘lgan viloyatlar soni 2025 yildagi yettitadan 2026 yilda o‘ntaga yetgan, kelgusi yili esa o‘n to‘rttagacha ko‘payishi mumkin. Tashkilotlar vaziyatning yomonlashuvi sabablari sifatida to‘yimli oziq-ovqat va xavfsiz ichimlik suvi yetishmasligi, yuqumli kasalliklar tarqalishi hamda yordam dasturlarini moliyalashtirishning yetarli emasligini ko‘rsatishmoqda. Chegaralararo tashishdagi uzilishlar ham davolash uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishni qiyinlashtirib, bolalarni davolashni boshlashni kechiktirmoqda.

YUNISЕF va uning hamkorlari oziqlanish, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va sanitariya dasturlarini barqaror moliyalashtirishga chaqiradi. Ularning baholashicha, o‘z vaqtida ko‘rsatiladigan yordam nafaqat kasallangan bolalarni davolash, balki to‘yib ovqatlanmaslikning og‘ir shakllari bilan bog‘liq yangi holatlarning oldini olish uchun ham zarur.