To‘qayev «Atletiko» bosh direktorini Qozog‘iston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun orden bilan taqdirladi

Qosim-Jomart To‘qayev va Xil Marin. “Oqo‘rda” fotosurati

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Madridning «Atletiko» klubi bosh direktori Migel Anxel Xil Marinni qabul qildi va u bilan futbol sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda «Oqo‘rda» xabar berdi.

To‘qayev Qozog‘iston futbol infratuzilmasi, mashg‘ulot bazalari va yosh futbolchilarni tayyorlash dasturlariga sarmoya kiritishda davom etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u mamlakatdagi aksariyat futbol klublarini xususiylashtirish jarayoni davom etayotganini hamda FIFA bilan hamkorlikda Qozog‘istonning barcha hududlarida bolalar uchun 100 dan ortiq yangi futbol maydoni qurish loyihasi amalga oshirilayotganini eslatdi.

Uchrashuvning alohida mavzusi Ispaniyada futbolchilarni tayyorlash tizimi bo‘ldi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston ushbu tajribani o‘rganish va uni futbolchilarning yangi avlodini tayyorlashda qo‘llashdan manfaatdor.

Xil Marin, o‘z navbatida, Olmaota viloyatidagi «Atletiko Madrid» akademiyasi infratuzilmasiga yuqori baho berdi va istiqbolda u eng yaxshi futbol o‘quv-mashg‘ulot majmualaridan biriga aylanishi mumkinligini aytdi.

Uchrashuv yakunida To‘qayev «Atletiko» bosh direktorini Qozog‘iston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun II darajali «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.

«Atletiko» akademiyasi Olmaota viloyatining Talg‘ar tumanida faoliyat yuritadi. 2026 yil iyun oyida To‘qayev Ispaniya klubi vakillari, jumladan, Ispaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi David Vilya bilan birga akademiyaga tashrif buyurgan edi. O‘shanda akademiyada Ispaniya mutaxassislari tomonidan Qozog‘istonning turli hududlaridan kelgan 4 mingdan ortiq nomzod orasidan tanlab olingan 116 nafar yosh futbolchi yashab, mashg‘ulot o‘tayotgan edi.

Loyiha doirasida majmuani yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, sun’iy qoplamali ikkita ochiq futbol maydoni, 500 tomoshabinga mo‘ljallangan yopiq manej hamda yangi ma’muriy-maishiy bino quriladi.

Hamkorlik dasturi kamida o‘n yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Madrid klubi tizimi asosida nafaqat futbolchilarni, balki Qozog‘iston murabbiylarini ham tayyorlashni nazarda tutadi.