OTB Tojikistonga sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sug‘urta sohalaridagi loyihalar uchun 63,7 million dollar ajratdi

OTB matbuot xizmati fotosurati

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Tojikiston hukumati respublikada sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sug‘urta sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 63,7 million dollar ajratish to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladi. Bu haqda xalqaro moliya institutining Facebookdagi sahifasi xabar berdi.

Tegishli hujjatlarni imzolash marosimi 21 oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tdi. Bitimlarni Markaziy Osiyo mamlakati Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda va OTBning Tojikistondagi doimiy vakili Ko Sakamoto imzoladi.

Sog‘liqni saqlash sohasida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish loyihasi uchun 43,7 million dollar mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Grant mablag‘lari bir nechta tuzilma tomonidan ajratiladi:

✅ Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi — 28 million dollar;

✅ Pandemiya jamg‘armasi — 10,7 million dollar;

✅ Osiyo va Tinch okeani mintaqasining barqarorligi va farovonligi yapon jamg‘armasi — 3 million dollar;

✅ Yashil iqlim jamg‘armasi — 2 million dollar.

Ta’kidlanishicha, mazkur tashabbus Tojikiston sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, aholi salomatligiga tahdid soluvchi xavflarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga samarali javob qaytarish imkoniyatlarini oshirishni ko‘zda tutadi.

Ijtimoiy sug‘urta tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun 20,5 million dollar yo‘naltiriladi. Bu mablag‘larning 19,5 million dollari Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi, 1 million dollari esa Yuqori texnologiyalar jamg‘armasi tomonidan ajratiladi.

OTB ma’lum qilishicha, loyihalar respublikada pensiya ta’minoti qamrovini kengaytirish, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni amalga oshirish tizimini yangilash, shuningdek, ushbu xizmatlarni aholi uchun tezkor, xavfsiz va qulay qilish imkonini beradi.