Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi muxolifatdagi «Shumkar» media-loyihasi materiallarini, shuningdek, ushbu tashkilot yetakchilari, jumladan, «Qumtor» oltin qazib olish korxonasining sobiq boshqaruvchisi Tengiz Bolturuq faoliyatini ekstremistik deb topilgan materiallar ro‘yxatiga kiritdi. Respublika nazorat organining saytida xabar qilinishicha, bunday qaror joriy yilning 12 oktyabrida Bishkek shahri Oktyabr tuman sudi chiqargan ajrim asosida qabul qilingan.
Shu tariqa, mamlakat hududida «Shumkar» faoliyati va u bilan bog‘liq quyidagi to‘rt nafar fuqaro faoliyati taqiqlandi:
✅ Tengiz Bolturuq (Tengiz Bolturuqov);
✅ Samat Qushbek (Samat Jumaliyev);
✅ Sirgak Kenjebayev;
✅ Aydarbek Rayev.
«Kloop» nashri yozishicha, yuqorida tilga olingan faollar ilgari «Shumkar» harakatiga birlashib, o‘zlarini Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va amaldagi hokimiyatning muxoliflari deb e’lon qilishgan.
Harakatning axborot materiallari ekstremistik deb topilganidan so‘ng Vetnamda Investitsiyalarni jalb qilish va himoya qilish agentligi rahbarining sobiq o‘rinbosari Sirgak Kenjebayev qo‘lga olindi. Qirg‘iziston huquqni muhofaza qiluvchi organlari uni firibgarlikda va ommaviy tartibsizliklarga chaqiriq qilishda aybladi. Hozirda muxolifatchi Bishkekdagi tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
«Shumkar» bilan bog‘liq vaziyat fonida mamlakat Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni bunday tashkilotlarning yopiq guruhlariga, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va messenjerlariga qo‘shilmaslikka chaqirdi.
«Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda taqiqlangan terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish, shuningdek, ekstremistik xususiyatga ega boshqa huquqqa xilof harakatlarni sodir etish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi», — deya ogohlantiradi vazirlik.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «Shumkar» yetakchilarini kasal odamlar deb atagandi. Shu bilan birga, u Tengiz Bolturuq shaxsiga alohida to‘xtalgandi. Japarovning aytishicha, u menejerning tajribasiga ishonib, uni «Qumtor»ga taklif qilgan. Biroq davlat rahbari ta’kidlashicha, Bolturuq o‘g‘ri va malakasiz mutaxassis bo‘lib chiqqan. Jumladan, Japarov oltin qazib oluvchi kompaniyaning sobiq boshqaruvchisini o‘z maoshini 100 ming dollargacha oshirganlikda, yoqilg‘i savdosi orqali pul yuvishning firibgarlik sxemasini tashkil etganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bolturuq ushbu sxema orqali har oy 220 million somgacha (2,5 million dollar) daromad ko‘rgan, shuningdek, homiylik yordamini o‘nggayu so‘lga sochgan.
Japarov Bolturuqqa nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini eslatdi. Aytish joizki, natijada kompaniya boshqaruvchisi va uning atrofidagilar davlatga yetkazilgan qariyb 845 million som (9,6 million dollar) miqdoridagi zararni qoplagan.
«U pulni to‘ladi, uni ozod qilishdi, u esa bunga javoban mana shunday ish qilyapti. (…) Itlar huradi, karvon o‘taveradi», — deya «Shumkar» harakati tuzilganini izohladi prezident.



