Rossiyaga ekstraditsiya qilinishini kutib, Olmaotadagi SIZOda saqlanayotgan chechenistonlik faol Mansur Movlayev o‘z joniga qasd qilishga urindi. Bu haqda uning manfaatlarini himoya qilayotgan yurist Vadim Drozdov «Novaya gazeta Yevropa» nashriga ma’lum qildi.
Rossiya Antiurush qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Movlayevga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Uning hayoti xavf ostida emas.
Nashr yozishicha, faol o‘z joniga qasd qilishga urinishidan oldin maktub qoldirgan. Unda u o‘z qarorini Rossiyaga ehtimoliy ekstraditsiya qilinishi mumkinligi qo‘rquvi bilan izohlagan.
«Meni kechiring, men adolatsizlikdan charchadim! Na sud, na prokuratura bizni eshitmayapti! Ular [qodirovchilar] meni qiynaydi, azoblaydi va o‘ldiradi, keyin esa o‘z joniga qasd qildi, deb aytishadi. Men endi o‘zimni qiynashlariga yo‘l qo‘ymayman! 16 oy davomida ekstraditsiya bo‘lish qo‘rquvi va umid bilan yashadim… Hozir esa faqat qo‘rquv!» — deb yozgan Movlayev.
Maktubda u, shuningdek, Checheniston rahbariyati vakillari uning jasadini olib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qozog‘istonda dafn etilishini so‘ragan.
Bundan tashqari, Movlayev Olmaotadagi shu SIZOda saqlanayotgan rossiyalik faol Yuliya Yemelyanovaga yordam berishni so‘ragan. Qozog‘iston hukumati avvalroq uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishga rozilik bergan, biroq Yemelyanova bu qaror ustidan sudga shikoyat qilishga urinmoqda.
👉 Mansur Movlayev Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiqqan «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisi. 2020 yilda Rossiyada Movlayev giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq ayblov bo‘yicha sudlangan. Biroq, chechenistonlik faollar Ibrohim va Baysangur Yangulbayevlar jinoiy ish soxtalashtirilganini ta’kidlamoqda.
2022 yilda muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinganidan so‘ng, Movlayevning aytishicha, uni Checheniston politsiya xodimlari o‘g‘irlab ketgan va maxfiy qamoqxonada ushlab turgan. Keyinchalik u qochib, Qirg‘izistonga borgan, so‘ngra esa ekstraditsiya qilinishi xavfidan qo‘rqib, mamlakatni tark etgan. Qochib ketganidan so‘ng Movlayev Olmaotaga joylashib, murabbiy bo‘lib ishlagan. Shu vaqtda Rossiyada faol ekstremizm ishi bo‘yicha federal qidiruvga berilgan.
2025 yil may oyida u Rossiyaning so‘roviga asosan Qozog‘istonda qo‘lga olingan. Movlayev hibsga olingan va qamoq muddati bir necha bor uzaytirilgan. Faol respublikada qochqin maqomini olishga urindi, biroq Rossiya tomoni Qozog‘istonni uni ta’qib qilish siyosat bilan bog‘liq emasligi va vatanida unga nisbatan qiynoq qo‘llanilmasligiga ishontirgan.
Yaqinda Qozog‘istonning Ma’muriy ishlar bo‘yicha Kassatsiya sudi quyi instansiya sudlarining Movlayevga qochqin maqomini berishni rad etgan qarorlarini o‘z kuchida qoldirdi.



