Qozog‘iston Kassatsiya sudi chechenistonlik faol Movlayevga qochqin maqomini berishni rad etdi

ulysmedia.kz sayti fotosurati

Qozog‘istonning ma’muriy ishlar bo‘yicha Kassatsiya sudi avvalgi instansiya sudlarining chechenistonlik faol Mansur Movlayevga qochqin maqomini berishni rad etgan qarorlarini o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda «Novaya gazeta Yevropa» Movlayevning advokati Vadim Drozdovga tayanib xabar berdi.

Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, sud birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudlari qarorlarida qoidabuzarlik yoki xatolarni aniqlamagan. Bundan tashqari, sud Movlayev Rossiyaga qaytarilgan taqdirda shaxsan ta’qib qilinishi xavfi mavjudligini go‘yoki isbotlamagan, degan xulosaga ham qo‘shilgan.

«Amaliy nuqtayi nazardan bu Mansurning Rossiyaga amalda topshirib yuborilishi xavfi sezilarli darajada oshganini anglatadi», — dedi Drozdov.

Movlayev Ramzan Qodirov rejimiga qarshi chiquvchi «Adat» muxolifat harakati ishtirokchisi. 2020 yilda Rossiyada Movlayev giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi ayblovi bilan sudlangan. Biroq, chechenistonlik faollar Ibrohim va Baysangur Yangulbayevlar jinoyat ishi soxtalashtirilganini ta’kidlamoqda.

2022 yilda muddatidan ilgari shartli ozod qilinganidan so‘ng, Movlayevning ta’kidlashicha, uni Checheniston politsiya xodimlari o‘g‘irlab ketgan va maxfiy qamoqxonada ushlab turgan. Keyinroq u Qirg‘izistonga qochishga muvaffaq bo‘lgan, so‘ngra ekstraditsiya qilinishidan xavfsirab mamlakatni tark etgan. Qochib ketganidan so‘ng Movlayev Olmaotada joylashib, murabbiy bo‘lib ishlagan. Ayni paytda Rossiyada faol ekstremizm ishi bo‘yicha federal qidiruvga berilgan.

2025 yil may oyida faol Rossiya so‘roviga asosan Olmaotada qo‘lga olingan. 2026 yil yanvar oyida Qozog‘iston Bosh prokuraturasi uni ekstraditsiya qilish haqidagi so‘rovni qanoatlantirgan. 23 fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi Movlayevning shikoyatini ro‘yxatga olgan va ish ko‘rib chiqilishi yakunlangunga qadar Qozog‘istonga uni ekstraditsiya qilishdan tiyilishni tavsiya qilgan.

Qozog‘istonda ekstraditsiya maqsadida qamoqda rossiyalik faol Yuliya Yemelyanova ham saqlanmoqda. Fevral oyida respublika Bosh prokuraturasi Rossiyaning uni topshirish haqidagi so‘rovini qanoatlantirgan, biroq Yemelyanova boshpana berish rad etilgani ustidan shikoyat qilgan. May oyida sud unga boshpana berishni yana bir bor rad etdi. Hozir u ham Movlayev kabi Olmaota shahridagi SIZOda saqlanmoqda.